Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!
Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Nukus harbiy prokuraturasi xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, olimlar, yozuvchi-shoirlar, o‘quvchi-yoshlar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

1 dekabr – Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligining 33 yillik bayramida so‘zga chiqqanlar qoraqalpoq tili tarixi, shakllanish bosqichlari, huquqiy asoslari xususida gapirdi.

Tadbirda qoraqalpoq tili, madaniyati va tarixiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi. Harbiy orkestr jamoasining kuy-qo‘shiqlari, Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Nukus shahridagi Prezident maktabi hamda 44-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilarining qoraqalpoq tiliga bag‘ishlangan badiiy chiqishlari tadbirning jo‘shqin kayfiyatda o‘tishini ta’minladi.
Ma’lumot uchun, 1989 yil 1 dekabr kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA