Tarix va taraqqiyot uyg‘unlashgan shahar
Samarqand – tarix va bugun, milliy an’analar va dunyoviy taraqqiyot uyg‘unlashgan betakror shahar. Uning har bir ko‘chasi, har bir me’moriy obidasi asrlar qa’ridan so‘zlaydi. Biroq Samarqandning buyukligi faqat uning boy tarixi va noyob madaniy merosida emas. Bugun shahar yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yib, zamonaviy xizmatlar, turizm, tadbirkorlik va innovatsiyalar markaziga aylanib bormoqda.
18-oktabr – Samarqand shahri kuni ham ana shu buyuk tarix va bugungi bunyodkorlik ruhining o‘ziga xos timsolidir.
1996-yil 18-oktabr kuni Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan va ushbu sana shahar kuni sifatida belgilangan edi. Bugun bu sana Samarqand ahli uchun nafaqat bayram, balki ko‘hna shaharning tarixi, buguni va kelajagi haqida mushohada qilish uchun ham muhim fursatdir.
Tarixdan kelajak sari
Samarqandning o‘tmishi qariyb uch ming yillik davrni qamrab oladi. Garchi 2007-yilda shaharning 2750-yilligi YUNESKO ishtirokida xalqaro miqyosda keng nishonlangan bo‘lsa-da, keyingi arxeologik tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar Samarqandning shahrining uch ming yillikdan ortiq tarixga egaligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, 2025-yilda Samarqand shahri mezbonlik qilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Samarqand shahrining uch ming yillik tarixini ilmiy jihatdan baholash va uning insoniyat tamaddunidagi o‘rnini keng yoritishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilgan edi. Unda YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, O‘zbekiston – Fransiya xalqaro arxeologlar assotsiatsiyasi a’zolari, mamlakatimiz va xorijlik arxeolog, tarixchi olimlar bu borada o‘z xulosalari, takliflarini bayon etgandi. Anjuman qatnashchilari Samarqandning o‘tmishi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar nafaqat ushbu kent, balki mintaqa xalqlari shaharsozlik madaniyati, davlatchilik tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlagandi. Bu boradagi tadqiqotlar ayni paytda ham davom etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, qadimiy Afrosiyobdan boshlangan shahar tarixi Amir Temur va temuriylar davrida yanada yuksalib, Samarqandni dunyo sivilizatsiyasining eng muhim markazlaridan biriga aylantirdi.
Amir Temur davrida Samarqand saltanat poytaxti sifatida yuksak taraqqiy etgan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bek davrida u ilm-fanning buyuk markaziga aylandi. Amir Temur maqbarasi va masjidi, Shohi Zinda yodgorligi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon kabi obidalar bugun ham ana shu buyuk davrlardan darak berib turibdi.
2001-yilda Samarqandning tarixiy qismi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan kiritilgani ham shaharning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni yuksak ekanining e’tirofidir.
Ammo tarixni asrashning o‘zi kifoya emas. Bugungi Samarqand ana shu boy merosni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirib, yangi qiyofa kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayni paytda Samarqandning yana bir muqaddas go‘shasi – Imom Moturidiy maqbarasi atrofida ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Aqida ilmida Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosi butun musulmon olami uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ana shu ulug‘ zotga munosib ziyoratgoh barpo etish maqsadida o‘tgan yil, ulug‘ muhaddis tavalludining 1155-yilligi munosabati bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida, Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi. Hozirgi kunda 12 gektar hudud mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda. Yangi masjid, muzey, ayvonlar barpo etildi. 2000-yilda qurilgan maqbara rekonstruksiya qilinib, uning gumbazi qayta tiklandi. E’tiborlisi, qurilish ishlari davomida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlanib, uning maqbarasi va ko‘rkam ayvon qurildi. Ziyoratgoh hududida o‘ziga xos landshaft dizayni asosida yashil maysazorlar, yo‘laklar barpo etilmoqda. Mahalliy navlar bilan birga xorijdan yurtimiz iqlim sharoiti va tabiiy muhitiga mos, noyob daraxt va buta ko‘chatlari keltirib, o‘tqazildi. Majmua oldidan Panjikent ko‘chasiga chiqadigan yangi yo‘l ochilib, atrofida hunarmandlar markazi, mehmonxonalar qurilmoqda.
“Bir millionli shahar”
Keyingi yillarda Samarqandni “millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Samarqand tumanidan shaharga qo‘shib berilgan Qorasuv massivi keyingi sakkiz yilda ko‘rkam shaharchaga aylandi. Dastlab 36 gektar maydonda yuzdan ortiq ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha ob’ektlari bunyod etilgan bo‘lsa, keyinchalik “Yangi O‘zbekiston” massivi uchun 253 gektar yer maydoni ajratilib, 22 ming xonadonli 327 ta ko‘p qavatli uy-joylar barpo etishga kirishildi. Ayni paytda mazkur hududda 40 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda va kelgusida bu raqam 90 mingga yetishi kutilmoqda.

Bugungi kunda shaharga Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanlaridan 17,5 ming gektar hududni qo‘shib berish borasidagi tashkiliy ishlar yakuniga yetmoqda va buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetadi. Shaharning tarixiy qismida turizmni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turar joy binolari, oliy ta’lim muassasalari va boshqa ob’ektlar shaharning kengayayotgan boshqa hududlarida bunyod etilmoqda. Xususan, Qoradaryo bo‘yida 665 gektar maydonni egallaydigan “Shirin” massivida 150 ming aholi uchun turar joylar, ma’muriy va biznes markazlari, ta’lim, tibbiyot muassasalari, ko‘ngilochar maskanlar quriladi. Shaharchada 112 kilometr ichki va piyodalar yo‘laklari, 6 kilometr yer usti metro yo‘li, 2 ta katta ko‘prik, 7,2 kilometr ichki kommunikatsiya uchun tonnel, 180 kilometr irrigatsiya quvuri, 14 kilometr kanal va ko‘plab sug‘orish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan. Hududni shahar markazi bilan bog‘lash maqsadida ayni paytda Qoradaryo ustida umumiy uzunligi 295 metr bo‘lgan ulkan ko‘prik qurilmoqda.

Bundan tashqari, shaharning temiryo‘l orti hududida renovatsiya dasturi asosida 301 gektar maydonda 100 ming aholi yashaydigan turar joy massivi qurilishi boshlandi. Bu yerda ham uy-joylar bilan birga 28 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 5 ta maktab, 6 ta tibbiyot muassasasi va 100 dan ortiq ijtimoiy va infratuzilmaviy ob’ektlar qad rostlaydi.
Samarqandni “yashil shahar”ga aylantirish borasida ham xalqaro tashkilotlar va moliya muassasalari bilan birgalikda loyihalar amalga oshirilmoqda. Ekologik va zamonaviy transport tizimini rivojlantirish doirasida shaharning avtobus parkini 500 tagacha yetkazish rejalashtirilgan. Shaharning serqatnov qismlarida yangi yo‘llar, ko‘priklar va transport bog‘lamalari qurilmoqda.
Shaharda aholi sonining oshib borishi ular uchun ish o‘rinlari yaratish zaruratini ham yuzaga chiqaradi. Shu bois qo‘shilayotgan yangi hududlarda kichik sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etilmoqda. Bu qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat tarmoqlarida minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Turizm – shahar taraqqiyotining muhim drayveri
Bugun Samarqand shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojida xizmat ko‘rsatish va turizm sohasi alohida o‘rin tutmoqda. Qadimiy kentni “Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi”ga aylantirish bo‘yicha belgilab berilgan strategiya o‘z samarasini bermoqda. Buni sayyohlar oqimidagi o‘sish ham yaqqol ko‘rsatib turibdi.
2025-yilda shaharga 3 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning sakkiz oyida 3,5 million nafardan ortiq xorijiy va 5 million nafar mahalliy sayyohlar Samarqandga kelgan. Bu raqamlar ortida, avvalo, shaharning ulkan turistik salohiyati, tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy infratuzilmasi va sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar mujassam.
Turistlar oqimining ortishi esa o‘z navbatida yangi mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, savdo va ko‘ngilochar maskanlar, transport xizmatlari, hunarmandchilik va boshqa ko‘plab xizmat turlariga bo‘lgan talabni oshiradi.

– Joriy yilda Samarqand shahrida tadbirkorlik infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va turistlarni keng jalb etish maqsadida 24/7 tizimida faoliyat ko‘rsatadigan, turizm, tarixiy va sohil bo‘yi hududlarini rivojlantirishga qaratilgan 12 ta loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari Yunus Bobonazarov. – Ushbu loyihalar uchun 62,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 10-iyun kuni qabul qilingan “Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2026-2027-yillarda Samarqand shahrining “eski shahar” tarixiy markazidagi 13 ta ko‘chani milliy va tarixiy qiyofasini saqlab qolgan hamda piyodalar hududiga aylantirish, turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish belgilandi. Buning uchun respublika byudjetidan 106 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda 1,2 kilometrlik Buxoro ko‘chasida bu ishlar namunaviy tarzda boshlandi. Ko‘chalar faqat piyodalar harakatiga moslashtirilib, shunga mos infratuzilma yaratilmoqda. E’tiborlisi, sayyohlar Registon maydonidan chiqib, ushbu ko‘cha orqali piyoda sayr qilgan holda Imom Moturidiy majmuasiga borishlari, shaharning tarixiy mahallalari qiyofasini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Bu kabi bunyodkorlik ishlari Qo‘sh hovuz, 8-mart, Muborak, G‘ijduvon, Vobkent, Islom Karimov, Ko‘kmachit, Chorraha, Imom Buxoriy, Bibixonim, Zargaron, Buxoro va akademik Valixo‘jayev ko‘chalarida ham amalga oshiriladi.
Yaqinda shaharda o‘tkazilgan “Silk Road Bazar” hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi doirasida Samarqandga Jahon hunarmandlar kengashi (World Crafts Council — WCC) tomonidan “Butunjahon hunarmandlar shahri” (World Craft City) maqomi berildi. Buni qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi bo‘lgan Samarqand hunarmandchiligining bir necha ming yillik an’ana va qadriyatlari e’tirofi hamda bugungi hunarmandlar mehnatiga berilgan yuksak baho deyish mumkin.
Shaharda turistlar uchun qulay muhit yaratish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, xizmatlar sifatini oshirish, tarixiy hududlarni obod qilish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ishlar Samarqandning xalqaro nufuzini yanada oshirmoqda.
[gallery-31936]
Samarqandga kelgan sayyoh bugun faqat Registonni yoki boshqa tarixiy obidalarni tomosha qilish bilan cheklanmaydi. U zamonaviy imkoniyatlarga ega qadimiy ko‘chalar bo‘ylab sayr qiladi, milliy hunarmandchilik bilan tanishadi, mahalliy aholi taomlarni tatib ko‘radi, qulay dam olish maskanlarida vaqt o‘tkazadi.
Bugungi kunda shaharda bir nechta hunarmandlar markazlari, barcha bozorlar va yirik savdo markazlarida hunarmandlar ustaxona va do‘konlari faoliyat olib bormoqda. Ma’lum bir hunarmandlik turi avloddan avlodga o‘tib kelayotgan mahallalar bor va ayni paytda ularni shu ixtisoslik bo‘yicha yanada taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish choralari ko‘rilmoqda. “Butunjahon hunarmandlar shahri” maqomi esa bu imkoniyatlarni yanada kengaytirib, Samarqandning dunyoviy shuhrati va turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bunday loyihalar tarixiy meros va zamonaviy iqtisodiyotni bir nuqtada birlashtiradi. Turist tarixiy obidani tomosha qiladi, milliy taomlardan tatib ko‘radi, hunarmandlar mahsulotlari bilan tanishadi, zamonaviy xizmatlardan foydalanadi. Tadbirkor esa o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi, yangi ish o‘rinlari yaratadi.
Bugun Samarqandni dunyo sayyohlik xaritasida alohida o‘ringa ega shahar sifatida ko‘rish mumkin. Shu bilan birga keyingi yillarda bu qadimiy kent yirik xalqaro forum va anjumanlar, siyosiy muloqotlar manziliga ham aylanmoqda. O‘tgan yil YUNESKO tarixida ilk bor tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazildi. Bundan avval esa Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi sammiti, Butunjahon turizm tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Umuman, har yili 30 dan ortiq xalqaro tadbirlar, sport musobaqalari Samarqandda yuksak saviyada tashkil etilmoqda. Jumladan, shu yilning 10-27-sentabr kunlari 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, III shaxmat paralimpiyadasi tadbirlari ham Samarqand mezbonligida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Aytish mumkinki, tarixiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi, ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lgan Samarqand bugun tarixiy shuhratiga mos zamonaviy taraqqiyot yo‘lida dadil odimlamoqda va chinakamiga yer yuzining sayqaliga aylanmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari