Tarix, bugun va kelajakni bog‘lagan samimiy uchrashuv
Milliy jurnalistikamiz rivojida yoshi ulug‘ ustoz jurnalistlarning hissalari beqiyos. Ularning yo‘l-yo‘riqlari, o‘gitlari, o‘zgalarga ibrat bo‘lishga arzigulik faoliyati yosh qalamkashlar uchun chin ma’noda barakali ijod maktabidir.
9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida ustoz jurnalistlar, o‘rta avlod vakillari va yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.

O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov va boshqalar bugungi kunda milliy matbuot sohasini rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli ishlar xususida to‘xtaldi.

Samimiy va ochiq muloqot davomida faxriy jurnalistlar o‘zlarining boy hayotiy tajribasi, kasb faoliyatidagi sinov va yutuqlari haqida so‘z yuritib, yoshlarga ibratli tavsiyalar berdi.


Tadbir avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlab, ustoz-shogird an’analarining naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri