Ta’rifi tarixlarda qolgan Hasanboyning uzumlari...
Yoshi saksondan oshib, to‘qsonlarga qarab ketayotgan qo‘shnimiz - Hafiz amaki ayni jaziramada ham erinmay daraxtga chiqib, tut terayapti. Qaysar bobo mevalar yer bilan bitta bo‘lganida ham bu odatini kanda qilmagan.
Ob-havoning zabtimi, bu yil meva sal taqchilroq bo‘ldi. Fevralning o‘rtalarida havo qattiq isib, mevali daraxtlar chappar gullab ketdi. Keyinroq qor yog‘ib, barini sovuq urdi. Ayniqsa, o‘rik, gilos, olcha poytaxtda pishmadi hisobi. Kimdir o‘tgan yilgi meva qoqilardan kompot qilayotganini aytib qoldi. O‘tgan yilgi yerparchin bo‘lgan o‘riklarning uvoli tutdimikan, bilmadim...
Biroq shunga qaramay poytaxt bozorlarida meva bisyor. Ular vodiy, voha taraflardan keltirilgan. Mirishkor dehqonlaru bog‘bonlarning zahmatli mehnati, tadbirkorlarning uddaburonligi bilan rastalarimiz mevaga to‘la. To‘kinligidan g‘oyat chiroyli. Shaftoli, gilos, nok, qirmizi olmalar, anjiru olxo‘ri, shotut, malina... Eh-he, qancha meva, hatto uzumlar chiqib ketdi. Chillaki, yana boshqasi qandaydir ko‘kimtirroq uzum, navi qanday nomlanadi, bilmayman. Shuning uchunmi, uzum olishga biroz ertaroqmi, deb o‘ylanib qolishi tabiiy xaridorning.
Toshkent bozorlarida avvallari "Hasanboy uzumlari" juda mashhur edi. Poytaxt biqinidagi Hasanboy dahasida har bir hovli xonadonda katta-katta, juda ajoyib ishkomlar bo‘lardi. Oltindek tovlanuvchi, qizg‘imtir uzumlarining ta’rifi olislarga ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmas. "Qirmiska", "Qizil husayni", "Rizamat ota" ...
Tokning tanasi o‘rtacha daraxtdek, ehtimolki undan ham yo‘g‘on bo‘lgani bu mavzeda odamlar azaldan bog‘dorchilik, uzumchilik bilan shug‘ullanganini anglatardi. Uzun, katta, fayzli ishkomlar ostida to‘ylar ham qilishgan ekan. Afsus, juda afsuski, keyinroq "kasal tushib ketdi", degan bahona bilan uzumzorlar, yarim oyga o‘xshaydigan fayzli, salqin ishkomlarga bolta urildi... Issiqxonalar, avtoulov ta’mirlaydigan ustaxonalar, qo‘shqavatli uylar qurildi. Endi Hasanboy uzumlarining ta’rifi o‘z davrida qolib ketdi. Tokzorlarni bunday ajib ko‘rinishga keltirishning o‘zi bo‘lmagan, albatta. Unga o‘ziga xos parvarish, mehnat, fidoyilik, sabr, bilim, uquv kerak bo‘lgani rost!
Ushbu matnlar muallifi sifatida faqatgina Toshkentning Hasanboy dahadagi uzumlar misolida yo‘qolgan navlarni sanadim. Vaholanki, Toshkent viloyati, vodiy taraflar va umuman butun mamlakatimiz bo‘ylab bu ajoyib mevaning qanchadan-qancha navlari bo‘lgan. Ayni paytda tokni uzumdek mevasi uchun emas, balki barglarining eksporti uchun yetishtiradigan mamlakatlar ham jahonda oz emas. Axir tok do‘lma, tok oshi kabi taomlar orqali uzum bargining pazandalikdagi ahamiyati, o‘rnini, betakror ta’mini hech qaysi mahsulot bilan almashtirib bo‘lmaydi. Yurtimizning bolga to‘la mevalariyu mazali taomlari jahongashta sayyohlarga yaxshi ayon.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 iyul kuni uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirgan qimmatli va amaliy fikr, tavsiya, g‘oyalari uzumchilik sohasining qaddini qaytadan tiklashda muhim dasturilamal bo‘lishi aniq!
Nazokat Usmonova, O‘zA