Tanzila Norboyeva: Markaziy Osiyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar davlatlarimiz rahbarlarining tarixiy xizmati
Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining IV parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi. «Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik» mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda mintaqa davlatlari parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari qatnashdi.
Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli raisi, Dushanbe shahri raisi Rustami Emomali raisligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Qozog‘iston Respublikasi Qurultoyi raisi Aybek Dadebay, Turkmaniston Majlisi raisi Dunyogo‘zal Gulmanova hamda Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi raisining birinchi o‘rinbosari Mederbek Aliyev ishtirok etdi.
R.Emomali mazkur forumning muntazam o‘tkazilishi mintaqadagi parlamentlararo muloqotning barqaror, tizimli va strategik xususiyatga ega ekanidan dalolat berishini qayd etdi. Milliy manfaatlarni muvofiqlashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda zamonaviy geosiyosiy voqeliklarni hisobga olgan holda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash ushbu jarayonning asosini tashkil etadi.
Forum davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari so‘zga chiqib, hamkorlikning dolzarb masalalari va forum yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqida mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.

– Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Markaziy Osiyo ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlik makoniga aylandi, - dedi T.Norboyeva. – Har bir mamlakat umumiy kun tartibini tashabbuslar va amaliy ishlar bilan boyitib, bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yuz berayotgan o‘zgarishlar davlatlarimiz rahbarlarining tarixiy xizmatidir. Ularning siyosiy irodasi, strategik yondashuvi va o‘zaro maqbul yechimlarni topishga tayyorligi to‘planib qolgan ziddiyatlarni bartaraf etish hamda Markaziy Osiyodagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berdi.
Senat Raisi Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch mustahkamlanib, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan hozirgi sharoitda parlamentlarning vazifalariga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini huquqiy jihatdan ta’minlash, ularning bajarilishini nazorat qilish va mahalliy kengashlar hamkorligini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Umumiy tahdidlarga qarshi muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish, yoshlarni himoya qilish va Afg‘onistonning tinch rivojlanishiga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo to‘siqlarini kamaytirish, qo‘shma ishlab chiqarish va transport yo‘laklarini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Suvdan oqilona foydalanish, «yashil» texnologiyalarni rag‘batlantirish, muzliklarni asrash va Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish zarurligi qayd etildi. «Yashil» o‘zgarishlar, suvni tejash va suv yo‘qotishlarini kamaytirishni rag‘batlantiruvchi huquqiy mexanizmlar yuzasidan qo‘shma parlament muhokamasini o‘tkazish taklif etildi.
Xotin-qizlar va yoshlarning ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar Dushanbe forumi yakunlari parlamentlararo sheriklikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona, konstruktiv va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA