Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarildi
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyevning tashabbusi bilan viloyat hududlari, jumladan, Do‘stlik tumanining ham ijtimoiy-iqtisoiy holati o‘rganilganida tumanda bir qator kamchilik va muammolar borligi aniqlangan, mutasaddi rahbarlar jiddiy tanqid qilinib, mas’ullarga bu borada aniq topshiriqlar berilgan edi.
Xo‘sh, Do‘stlik tumani mutasaddilari tanqiddan qanchalik to‘g‘ri xulosa chiqardi?
Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasi jamoasi bu yerdagi isitish qozonxonasi atrofini ancha tartibga keltiribdi, ko‘mirdan hosil bo‘lgan kullar tozalanib, zaxira ko‘mirlar sifatini yo‘qotmasligi uchun belgilangan joyda saqlanayapti. Birlashmaning terapiya bo‘limi oshxonasidagi kamchiliklar ham bartaraf etilib, shuningdek, ta’minotchi tomonidan muassasaga yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash omborxonasi to‘liq tartibga keltirilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Tumanning “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilayotgan 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotining hududi qurilish tashkiloti tomonidan o‘rab olinibdi.
“Do‘stlik dehqon bozori” MCHJ hududidagi avtoturargohga shag‘al to‘shalib, tekislangani aholi uchun ham, transport vositalari haydovchilari uchun ham qulaylik yaratibdi.

Aholi tomonidan e’tirozlarga sabab bo‘lgan chiqindixona esa tartibga keltirilgan va atrofiga shag‘al to‘shalib, tekislanibdi.
Shuningdek, tanqidda qayd etilgan “Chinobod” MFYga qarashli Hamza ko‘chasiga ham qum-shag‘al aralashmasi to‘shalgan.


Tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqarilib, yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish yaxshi, albatta. Lekin viloyat rahbari har bir hududga kirib, u yerdagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan har bir mutasaddi rahbarni ogohlantirishi, topshiriqlar berishi shartmi? Nahotki, shu ishni “mahalla yettiligi”, tumandagi mutasaddi tashkilot, sektorlar yoki tuman rahbarlari amalga oshira olmasa?
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari