Tanlovda qonunbuzilish holati ro‘y bergan(mi)?
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 77- va 45-umumta’lim maktablari direktorligi uchun o‘tkazilgan tanlovlarga doir ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan xabarlar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati tomonidan berilgan rasmiy munosabatda qayd etilishicha, o‘rganish jarayonida To‘rtko‘l tumanidagi 77-sonli maktab direktorligi lavozimi uchun o‘tkazilgan tanlov jarayonida tamagirlik, tanish-bilishchilik va qonunbuzilish holatlari ro‘y berganligiga doir xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Shuningdek, mazkur lavozimga nomzod sifatida ko‘rsatilgan To‘rtko‘l tumanidagi 63-sonli maktab direktori o‘rinbosari A.E. tomonidan tanlov jarayonlarida tamagirlik yoki boshqa korrupsiya holatiga duch kelinmaganligi qayd etib o‘tildi.
To‘rtko‘l tumanidagi 45-sonli maktab direktorligi uchun arizasi qabul qilingan nomzodlarning hujjatlari hozirda o‘rnatilgan tartibda o‘rganilmoqda. Ushbu nomzodlar ishtirokida o‘tkaziladigan suhbat sinov jarayonlari vaqti va boshqa ma’lumotlar xususida ishtirokchilar xabardor qilinadi.
Ma’lumot uchun: amaldagi tartibga ko‘ra, umumta’lim maktablarining vakant direktor lavozimlari uchun nomzodlar belgilangan malaka talablariga javob beradigan hamda menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarning manager.uzedu.uz portaliga yuborgan arizalari orqali saralab olinadi.
Shundan so‘ng hududiy Direktorlar kengashi tomonidan nomzodlar ishtirokida suhbat o‘tkaziladi va uning yakunlari bo‘yicha Direktorlar kengashining tavsiyasi asosida eng yaxshi, deb topilgan nomzod maktab direktorligi lavozimiga ishga qabul qilinadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri