Tanlov: iqtidorli ijodkorlar saralandi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi mablag‘lari evaziga “Buxoro yoshlari” gazetasi tahririyati tomonidan “Sog‘lom hayot – baxtli kelajak!” nomli loyiha doirasida o‘tkazib kelinayotgan tadbir va tanlovlar yoshlarni birlashtirmoqda.
E’lon qilingan “Matonat va ibrat”, “Ziynat”, “Suv – hayot manbai” mavzulardagi videorolik, ko‘rsatuv hamda maqolalar tanlovi g‘oliblari munosib taqdirlandi.

– Tanlov juda keng qamrovli bo‘ldi, – deydi loyiha rahbari Laylo Hayitova. – Iqtidorlilar saralandi, biroq, tanlovning maqolalar yo‘nalishi bo‘yicha kelgan ko‘plab materiallar maqola janridan yiroq. Ko‘plab jo‘natmalar insho va ilmiy maqola shaklida, matnlarda ijtimoiy tarmoqlardan “nusxa olish” usulidan foydalanilgan. Ular orasida “Men g‘olib bo‘lsam boraman, faol ishtirokchi yoki nominatsiya qatnashchisi sifatida tilga olinadigan bo‘lsam, taqdirlash marosimiga bormayman” deganlarning ham borligi achinarli. Shunga qaramasdan, maqolalar tanlovining bir nechta ishtirokchilari tahririyatga taklif etildi va ularga kasbiy maslahatlar berildi. Zero, tanlovni o‘tkazishdan maqsad faqat g‘oliblarni aniqlash emas, balki sohaga qiziqishi bor yoshlarni ijodiy yo‘lga safarbar qilishdan iboratdir.

– “Buxoro yoshlari” gazetasi tomonidan e’lon qilingan ushbu tanlov, nafaqat, biz jurnalistlarni, balki sohaga endigina kirib kelayotgan yoshlar uchun ham katta maktab bo‘la oldi, – deydi Mehriniso Murodova. –Mehnatlarimiz munosib rag‘batlantirildi. Har qanday yosh ijodkorni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan tahririyat faoliyatiga omad tilaymiz.
Tanlovning g‘olib va faol ishtirokchilari grant mablag‘lari hisobidan ajratilgan sovg‘a hamda diplom bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.