Tanlov g‘oliblar aniqlandi
Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismda yuksak ma’naviyatni, mustahkam oila qadriyatlari va ibratli hayot tarzini targ‘ib etishga qaratilgan – “Men ibratli harbiy oila bekasiman” shiori ostida “Ibratli harbiy oila” ko‘rik-tanlovining birinchi bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tanlov nafaqat oddiy bellashuv, balki harbiy oilalar hayotidagi mehr, sadoqat, matonat va fidoyilikni ulug‘lovchi ma’naviy maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘zlarining nafaqat uy bekasi sifatidagi mahoratini, balki milliy an’analarga bo‘lgan chuqur hurmati, farzand tarbiyasidagi ibratli yondashuvlari hamda oilaviy totuvlikni aks ettiruvchi chiqishlari bilan ajralib turdilar.
Tanlov jarayonida har bir oila sahnaga alohida tayyorgarlik, o‘ziga xos yondashuv va yuksak mas’uliyat bilan chiqdi. Ularning chiqishlarida o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, sabr-toqat va sadoqat kabi ezgu fazilatlar yorqin ifodasini topdi. Bu esa harbiy oilalarda shakllangan mustahkam ma’naviy muhitning yaqqol dalili bo‘ldi.
Ishtirokchilarning chiqishlari tajribali hakamlar hay’ati tomonidan adolatli baholanib, har bir oila faoliyati chuqur tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, eng faol, tashabbuskor va namunali oilalar tanlab olinib, tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanma oldilar.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda diplomlar hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bu e’tirof ular uchun nafaqat rag‘bat, balki yanada katta mas’uliyat va yangi marralar sari ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA