“Tanho qayiq” filmi Orol fonida inson qalbidagi fojialarni ko‘rsatadi
Kinorejissyor Nozim To‘laxo‘jaev “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra, “Tanho qayiq” badiiy filmini suratga oldi.
Kinorejissyor Nozim To‘laxo‘jaev “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra, “Tanho qayiq” badiiy filmini suratga oldi.
Bu haqda “O‘zbekkino“ milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kinoasar syujetiga ko‘ra, Orol bo‘yidagi kimsasiz ovulda keksa bir qayiqsoz yolg‘iz yashaydi. U tevarak-atrofdagi ovullardan bekorchi yosh-yalangni yoniga olib, ularga ota-bobolardan qolgan bu qadimiy kasbni o‘rgatadi va shu barobari chin insoniylikdan saboq beradi. Dengiz esa yuzlab chaqirim nariga ketib qolgan.
Lekin qariya bir kunmas-bir kun uning suvga to‘lishiga ishonadi. Bu shunchaki orzu yoxud havoyi ishonch emas. Cholning qat’iy fikricha, “buning uchun biz – odamlar halol, insofli va olijanob yashamoqqa ahd qilsak, kifoya”.
Film ijodkorlarining ta’kidlashicha, Orol fojiasi bir bahona, asar aslida inson qalbining dag‘allashib, qurib-sayozlashib boruvidan paydo bo‘ladigan falokatlar haqida.
Kartinada Rajab Adashev, Gulsanem Abatbaeva, Bunyod Rahmatullaev, Murod Nasimov, Ozodbek Xurramov, Sarvar Ilhomov, Bobur Yo‘ldoshev, Shodiya Abduqodirova, Dilorom Karimova kabi aktyorlar rol ijro etgan.
“Tanho qayiq” badiiy filmining postanovkachi operatori – Oskar Baxteev, postanovkachi rassomi – Shuhrat Abdumalikov, bastakori – Dmitriy Yanov-Yanovskiy.