Ta’magirlarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ul xodimi ta’magirlik bilan qo‘lga tushdi.
Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Jondor tumani Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’ul xodimi egallab turgan xizmat lavozimidan foydalanib o‘zga bir fuqaroni aldab, uning ishonchini suiiste’mol qilganda qo‘lga olindi.
U vakolatli tanishlari orqali arzon uy-joy uchun ajratiladigan kredit mablag‘larining boshlang‘ich to‘lovini davlat tomonidan qoplashga yordam berishini va’da beradi. O‘zining xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 1 million 50 ming so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 3-qismi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
*****
Maktab internati mas’ul xodimi o‘zga bir fuqaroni aldab ta’magirlik qildi.
Kogon tumanidagi Maktab internatiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga ta’magirlik qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning hamkorlikdagi tezkor tadbiri davomida joriy yil 15 oktyabr kuni Kogon tumanida yangi tashkil etilgan ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashtirilgan 3-sonli maktab-internatning mas’ul xodimi o‘zga bir fuqaroni aldab, uning ishonchiga kiradi.
Natijada vakolatli tanishlari orqali ushbu maktabga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga maktab-internatning qorovuli orqali kimyoviy ishlov berilgan 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 168-moddasi 1-qismi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA