Ta’limda yangi sotsiometriya usuli
Zamonaviy ta’lim tizimida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlar shunchaki axborot almashinuvi emas, balki ijtimoiy-madaniy jarayon sifatida ham talqin etilmoqda.
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida o‘tkazilgan “Madaniyatshunoslik yondashuvi asosida o‘qituvchi-o‘quvchilar orasidagi sotsiometrik munosabatlarni rivojlantirish strategiyalari: tarixiy hamda xalqaro tajribalar tahlili” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ushbu sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sotsiometrik metod yoki sotsiometriya fani — kichik guruhlardagi insonlarning bir-biriga munosabatini o‘rganuvchi ijtimoiy-psixologik uslubdir. Bu metod guruhdagi kichik jamoalar va undagi liderlarni aniqlash va jamoa darajasini baholashda qo‘llaniladi. Ushbu psixologik atama Jeykob Moreno tomonidan ishlab chiqilgan.
[gallery-29227]
Endilikda ta’lim tizimimizda ushbu metodni rivojlantirish va ta’lim muassasalarida qo‘llash kabi masalalar muhokama qilinmoqda. Xususan, yuqoridagi konferensiyaning tashkil etilishi va unda 100 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, Xitoy, Koreya, Belarus, Ozarbayjon, Bolgariya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlardan kelgan xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishi sotsiometriya fanini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.
Muhokama davomida sinf jamoasidagi sotsiometrik munosabatlarni aniqlash va ularni ijobiy tomonga yo‘naltirish, ta’lim jarayonini umuminsoniy va milliy qadriyatlar misolida tashkil etish, muloqot madaniyatini yuksaltirish kabi masalalar tahlil qilindi.
Anjuman sho‘’balaridagi muhokamalar ikki asosiy yo‘nalishda kechdi. Birinchi sho‘’bada professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi munosabatlarning nazariy-metodologik asoslari ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ikkinchisida maktabgacha va maktab ta’limidagi amaliy metodika va strategiyalar tahlil qilindi.
Anjuman materiallari nafaqat mahalliy, balki jahon miqyosidagi ilmiy bazalarda o‘z aksini topdi. Maqolalar Index Copernicus, Zenodo va Cyberleninka kabi nufuzli platformalarga joylashtirildi. Har bir tezisga DOI raqami berilishi va Google scholar tizimida indekslanishi tadqiqotchilarning xalqaro reytingiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mazkur xalqaro konferensiya O‘zbekiston pedagogikasining jahon ta’lim maydoniga integratsiyalashuvini jadallashtirish bilan birga, sog‘lom ijtimoiy-psixologik muhitga ega modelni yaratish uchun zarur bo‘lgan ilmiy va amaliy poydevorni mustahkamladi.
Ushbu tadbir kelajakda maktablarda o‘quvchilarning nafaqat bilimli, balki jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladigan, muloqotga kirishuvchan va madaniyatli shaxs bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA,
Otabek Mirsoatov (surat)
O‘zA