“Ta’lim va ijod” nomli ko‘rgazma o‘tkazildi
Toshkent Fotosuratlar uyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Mahobatli rangtasvir kafedrasi” professor-o‘qituvchilarining “Ta’lim va ijod” nomli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti turli kafedralari professor-o‘qituvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

Institutning Rangtasvir fakulteti "Mahobatli rangtasvir" kafedrasida respublikamizda va xorijda taniqli bo‘lgan xalq rassomlari, o‘z maktabiga asos solgan professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda endigina tanilib kelayotgan iste’dodli yosh musavvir-ustozlar ham talabalarga kasb va ta’lim sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda.

Mahobatli devoriy rangtasvir asarlari, asarning kompozitsiya eskizi va ularning kartoni, devoriy asarning binodagi ko‘rinishi fotolavhasi, dastgohli rangtasvir badiiy asarlari hamda turli uslubdagi ijodiy namunalar namoyish etildi.

Ko‘rgazmada B.Jalolov, R.Xudoyberganov, G.Qodirov, A.Aliqulov, Sh.Jumaniyozov, A.Tyurin, S.Raxmonov, Ch.Bekmirov, V.Xapov, U.Rajabov, I.Xalilov, B.Obidov, Z.Farmonov, F.Sattorov, J.Tuyakov, Z.Usmonaliyev, F.Erkaboyeva singari professor-ustozlar va yosh ustozlarning asarlari hamda devoriy rangtasvir asarlari eskizlari va for-eskizlari havola etildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA