Ta’lim tizimini baholashda xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshiriladigan TIMSS – Matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha tendensiyalarni xalqaro baholash dasturida ishtirok etmoqda.
TIMSS – dunyo bo‘ylab 60 dan ortiq ta’lim tizimlarida o‘quvchilarning matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha erishgan yutuqlarini baholashga yo‘naltirilgan. Ushbu fanlarni o‘qitish hamda ta’lim olishni yaxshilashga ko‘maklashish uchun milliy ta’lim tizimidagi farqlarni o‘lchash hamda tavsiflashga asoslangan dasturdir.

Baholash materiallari matematika va tabiiy fanlar kesimida ochiq strukturalangan hamda javobi tanlanadigan test topshiriqlari, shuningdek, o‘quvchilar, ularning ota-onalari, o‘qituvchilari va maktab direktorlari uchun mo‘ljallangan so‘rovnomalardan iborat.
O‘quvchi so‘rovnomalari ularning uy va maktabdagi mavjud sharoitlari, ta’lim olishdagi tajribalarini, o‘qituvchi so‘rovnomalari esa tanlangan sinflarga ta’lim beruvchi pedagoglarning ish tajribalarini o‘rganishga qaratilgan. Shu bilan birga, maktab direktorlari tomonidan so‘rovnomalarga berilgan javoblar O‘zbekiston ta’lim tizimini tavsiflashga yordam beradi.

TIMSS – dasturi tajriba-sinov jarayonlarining birinchi bosqichida Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 10- hamda G‘ijduvon tumanidagi 18-umumiy o‘rta ta’lim maktablari ishtirok etgan edi. Sinovlarda jami 89 nafar 4-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari, 105 nafar 8-sinf o‘quvchilari va ularning 20 nafar tegishli fan o‘qituvchilari hamda maktab rahbarlari ishtirok etdi.
Asosiy sinov jarayonlari esa joriy yilning 2-5-may kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlar milliy markazi tomonidan Ta’limdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbirda respublikamizdan jami 166 ta maktab tanlab olingan. TIMSS – 2023 ning asosiy sinov jarayonlarida Buxoro viloyatidan tanlangan 8 ta maktabning 443 nafar 4- 8-sinf o‘quvchilari, ushbu sinf o‘qituvchilari va ota-onalari hamda maktab rahbarlari ishtirok etdi.
Malumot uchun, TIMSS ma’lumotlari maxfiy hisoblanadi. Xalqaro va milliy miqyosda amaldagi qonunlar doirasida himoya qilinadi. O‘quvchilar, o‘qituvchilar va maktablarning ma’lumotlari individual tarzda e’lon qilinmaydi. Barcha nashrlar va e’lon qilinadigan ma’lumotlar faqatgina tasodifiy va shifrlangan identifikatsiya raqamlaridan iborat bo‘ladi.
Zarif Komilov,
O‘zA