Ta’lim tizimi: amaliyot, muammo va yechim
Buxoroda “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida o‘qituvchilar qurultoyining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ta’lim islohotlarini birgalikda amalga oshirish, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish hamda mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati, viloyat hokimligi, shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan 200 nafar o‘qituvchi va faxriy ustozlar qatnashdi.

Tadbirni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov ochib berdi. Davlat rahbari tashabbusi bilan tizimda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripovning qurultoy ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shuningdek, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilgan samarali ishlar, erishilgan yutuqlar xususida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida viloyatda so‘nggi uch yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablari soni 15 taga, iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar soni 12 taga ko‘paydi. Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan kasbiy salohiyatga ega bo‘lgan oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 23 foizdan 44 foizga oshdi. Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ulushi 25 foizdan 54 foizga ko‘tarildi. Xalqaro miqyosda tashkil etilgan fan olimpiadalaridagi medallar soni 4 tadan 19 taga ko‘paydi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan maktablarda o‘quvchilarga 2 ta xorijiy til va bitta kasb yoki hunar o‘rgatish tizimi joriy etildi. Ushbu yo‘nalishda viloyatda tashkil etilgan har bir hududdan 1 tadan jami, 13 ta maktabda kasb o‘rgatish va ikkinchi xorijiy tilni o‘qitish ishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida viloyat mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, tanlangan maktablarda tashkil etilgan 90 ta kasbga o‘rgatish to‘garaklariga 1 780 nafar o‘quvchilar jalb qilindi. Ikkinchi xorijiy til sifatida ingliz, nemis, fransuz, yapon va koreys tillari o‘qitilmoqda. Kelgusi o‘quv yilida mazkur amaliyotni 33 ta umumta’lim maktablarida joriy qilish rejalashtirilgan.
Ta’lim sifatini oshirishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, yangi zamonaviy ta’lim metodikalarini joriy etish maqsadida joriy yilda Rossiya davlatidan 4 nafar, Hindiston davlatidan 1 nafar, jami 5 nafar xorijiy ekspertlar jalb qilingan. O‘quvchilar bilan dars va to‘garak mashg‘ulotlarini olib borish bilan bir qatorda, pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha 20 dan ortiq o‘quv-seminarlari tashkil etildi hamda ushbu seminarlarga mingdan ortiq o‘qituvchilar qamrab olindi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi topshirig‘i bilan Qorako‘l tumanida Achariya universiteti bilan hamkorlikda matematika, informatika va ingliz tili fani o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish borasida o‘quvlar olib borildi. 300 nafar o‘quvchilarga AKT va xorijiy tilni o‘rgatish ishlari boshlangan. Shuningdek, Achariya universiteti bilan hamkorlikda informatika, matematika va xorijiy til o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Endilikda, viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida ikki ming nafarga yaqin ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish ishlari rejalashtirildi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan, umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, Prezident ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy qilish maqsadida viloyatdagi 28 ta maktabda yangi baholash tizimi, 9 ta maktabda o‘quvchilarning qiziqishlari asosida tanlov sinflari hamda 25 ta maktabda variativ fanlarni o‘qitish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari tashkil etildi. Keyingi o‘quv yilidan o‘quvchilar bilimini yangicha baholash tizimi tatbiq etiladigan maktablar soni 100 taga yetkazilishi belgilangan.

Tadbirda ishtirokchilarning tizimni yanada isloh qilish borasida taklif va mulohazalari tinglandi. Bugun tizimda o‘qituvchini qiynayotgan qanday muammolar mavjud, ularni qanday yo‘l bilan bartaraf etish mumkin, ta’lim sifatini yanada oshirish uchun nima qilish kerak kabi savollarga birgalikda javob izlandi.
Bir guruh faol, tashabbuskor va fidoyi o‘qituvchilarga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari topshirildi. Bunda tizimda uzoq yillar samarali xizmat qilgan faxriy ustozlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi.

Bir necha yillar Buxoro shahridagi 1-umumta’lim maktabida matematika fani o‘qituvchisi sifatida samarali faoliyat olib borgan fidoyi, jonkuyar ustoz, “Xalq ta’limi a’lochisi” Xadicha Komilovaga Buxoro davlat pedagogika institutining “Faxriy professor” ilmiy unvoni topshirildi.
–Bugun o‘qituvchilarning yurt e’zozi, e’tibori ekanligi ko‘ksimni faxrga to‘ldiradi, – deydi faxriy ustoz. – Axir men ham qadri yuksalayotgan shu o‘qituvchilarning biriman. Qani endi 15-20 yilga yosharib qolsamu, shunday imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan ajoyib bir muhitda ishlasam.
O‘qituvchilar qurultoyi dasturi doirasida kunning ikkinchi yarmida Buxoro shahridagi 17-umumta’lim maktabida seminar- treninglar tashkil etildi. Treninglarda boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha har bir tuman va shahardan fanlar kesimida o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Sho‘balarda xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklar majmualari asosida o‘qitish metodikalari, o‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash, o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish, loyihaga asoslangan ta’lim, mavjud muammolar va ularni yechimi bo‘yicha treninglar bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: qurultoyning shahar va tuman bosqichlarida ham xorijiy tajribalar asosida ilg‘or metodikalarni joriy etish, spiralsimon o‘qitish hamda tadqiqotchilikka yo‘naltirilgan ta’lim masalalari muhokama etilgan edi. Unda boshlang‘ich ta’lim, ona tili va adabiyot, aniq hamda tabiiy fanlar bo‘yicha 2264 nafar o‘qituvchi ishtirok etdi. 80 nafar trenerlar mashg‘ulot jarayonlarini olib bordi. Ushbu qurultoy davomida o‘qituvchilar tomonidan 600 ga yaqin muammolar hamda ushbu muammolarni bartaraf etish yuzasidan 800 ga yaqin takliflar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.