Ta’lim rivojlansa, hamma sohada o‘sish bo‘ladi
Bolaligimdan o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim. Tengdoshlarim bilan "maktab-maktab" o‘ynash jonu dilim edim. Ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yganimda mendan baxtli inson yo‘q edi go‘yo. Birinchi o‘qituvchim bizni ta’lim maskanimiz bilan bir-bir tanishtirar ekan, xuddi boshqa bir sayyoraga tushib qolgandek his etardim o‘zimni. Hayajonimni yashirar, aytilgan gaplar esimdan chiqib qolmasligi uchun ichimda ularni bir-bir qaytarardim...
Yillar o‘tdi. Ota-bobolarimiz orzu qilgan kunlar bizga nasib etdi. Mustaqil yurtning baxtiyor bitiruvchilari bo‘lishga muyassar bo‘ldik. Vaqtlar o‘tib, orzu maqsadga, maqsad esa kelajakda amalga oshiriladigan ishlarga undovchi bo‘ldi. Men ham o‘qituvchi bo‘ldim. Atrofimni o‘rab olgan jajji o‘quvchilarimga o‘z «sayyoramiz» haqida to‘lqinlanib gapirar edim...
Maktab – sinfdoshlar, o‘qituvchilar, hayajon, ikkinchi uy, hayot. Aslida bu borada qancha gapirsam oz. Bu maskan yuqoridagilarni qamrab olar ekan, o‘z-o‘zidan har bir o‘quvchiga nafaqat ta’lim, balki tarbiya, hayot haqida tushuncha, ertangi kunga ishonch bera olishi kerak.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi qurultoyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar, o‘zgarishlar haqida so‘z yuritar ekan, ta’lim, ayniqsa, maktabga alohida urg‘u berdi. O‘tgan yili esa mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan shaxsan tabriklab, barcha hudud rahbarlariga maktablarga yordam berish bo‘yicha vazifalar bergan edi. Buning natijasi sifatida bu yil birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlarida deyarli barcha hududlarning birinchi rahbarlari qatnashib, o‘quvchilarga va maktab jamoasiga motivatsiya berdi. Bu biz uchun qo‘llab-quvvatlov bo‘lish barobarida zimmamizga yanada mas’uliyat yuklaydi.
Ma’lumki, azal-azaldan xalqimiz hamisha ustozlarni e’zozlab, ularning hurmat-izzatini joyiga qo‘yib kelgan. “Ustoz – ota kabi ulug‘” degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Zero, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir. Shu bois keyingi to‘rt yilda ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi. Ta’lim tizimini isloh etish jarayonida o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli. Yoshlarning bolaligidanoq sportga, san’atga, til o‘rganishga va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otish borasida olib borilayotgan bu kabi tadbirlar esa o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, faoliyat olib borayotgan maskanim — Samarqand shahridagi 20- umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida tashkil etilgan madaniy-ma’naviy tadbirlarda sport, shaxmat, milliy liboslar, raqs, qo‘shiq, she’rxonlik, kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar faol qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 apreldagi “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatidagi ikkita maktabga taniqli ijodkorlarning nomi berildi. 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabimizga Damir Salimov nomi berildi. bugungi kunda o‘quvchilarimiz nafaqat mamlakatimiz arboblarini, balki Damir Salimov hayot va ijodini chuqur o‘rganmoqda.
Prezidentimizning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish, har bir tuman (shahar)da turli sport tanlovlarini tashkil etish, barcha davlat organlari va tashkilotlarida rahbar va xodimlarning jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishini ta’minlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish belgilab berildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida o‘quvchilarimizda sportga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi. Bir qator yigit-qizlar sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha faxrli o‘rinlarni egallashdi. "Tokio-2020" olimpiadasining g‘oliblarini ko‘rib, o‘quvchilarimizda sportga bo‘lgan intilish yanada kuchaymoqda.
Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yi oldidan maktab jamoasiga qo‘shaloq bayram bo‘ldi. 23 nafar bitiruvchimiz talabalik baxtiga muyassar bo‘lgani biz uchun ham katta sharaf.
Bu yilgi o‘quv jarayonlari ham katta maqsadlar bilan boshlanib, davom etmoqda. O‘quvchilarimizni bilimlarning cheksiz dunyosi, mehribon ustoz va murabbiylar, muttasil izlanish va intilish, mashaqqatlarni munosib yengish, odamiylik, halollik, vatanparvarlik sabog‘i kutmoqda.
Prezidentimiz rahbarligida farzandlarimizning puxta bilim olishi, o‘z Vataniga, xalqiga sodiq insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilayotgan ekan, shunday ajoyib imkoniyatlarning qadriga yetish, Vatanga munosib bo‘lishga nafaqat yoshlar, balki yurtimizning har bir fuqarosi harakat qilishi kerak.
Darhaqiqat, istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni ochildi. Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz – erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz. Bu jarayonda biz pedadgoglar eng muhim o‘rinda turib, yoshlarimizning yanada barkamol va bilimli bo‘lib ulg‘ayishiga katta hissa qo‘shmog‘imiz lozim.
Charos Abdullayeva,
Samarqand shahridagi Damir Salimov nomidagi
20-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari.