“TalabaYexpo – 2026”: yoshlar bandligiga xizmat qilayotgan muhim maydon
Jizzax davlat pedagogika universiteti va “Yoshlar shaharchasi”da “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tashkil etilgan “TalabaYexpo – 2026” kasblar ko‘rgazmasi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos yo‘naltirish hamda tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan yirik platformalardan biriga aylandi.
Tadbir Respublika “Kelajakka qadam” markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida tashkil etildi.

Ko‘rgazmada Jizzax viloyatidagi 5 ta oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari uchun 120 dan ortiq tashkilot tomonidan 1300 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni, amaliy dasturlar, innovatsion loyihalar, startap va tadbirkorlik tashabbuslari taqdim etildi. Ish beruvchilar bilan yuzma-yuz muloqot, kasbiy maslahatlar va mutaxassisliklar taqdimoti yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Joriy yilda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarini 9 mingga yaqin yigit-qiz bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlayotgani, tadbir orqali esa 10 ming nafargacha yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgani “TalabaYexpo – 2026”ning ahamiyatini yanada oshirdi.
Ayniqsa, Prezidentimiz rahbarligida joriy yil fevral oyida o‘tkazilgan yoshlar bilan ochiq muloqotda har payshanba “Yoshlar kuni” deb belgilangani, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar amalda o‘z ifodasini topayotgani tadbir mazmunida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

— Bugun “TalabaYexpo – 2026” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar davlatimiz rahbarining yoshlarga oid siyosati amaldagi ifodasidir, — deydi Respublika “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov. — Joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda har payshanba “Yoshlar kuni” etib belgilanib, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, startap va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yilgan edi. Bugungi ko‘rgazma ana shu vazifalar ijrosining amaliy ifodasi bo‘lib, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va mehnat bozoriga integratsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ochiq muloqot va uchrashuvlarda 6000 dan ortiq bitiruvchi talaba ishtirok etib, bandlik, xususiy sektor bilan hamkorlik, startap loyihalar va tadbirkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

Faol va tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 4 nafar bitiruvchiga 1 million so‘mdan 500 million so‘mgacha bo‘lgan vaucherlar topshirildi. Shuningdek, 50 nafardan ortiq faol talabalar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
14-may kuni o‘tkazilgan yarmarka natijalari tadbirning amaliy samarasini yana bir bor tasdiqladi. Unda 6 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi, 118 ta ish beruvchi tadbirkorlik sub’ekti qatnashdi. Talabalar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari uchun 2785 ta elektron ariza topshirildi. 2049 nafar talaba ish beruvchilar bilan suhbatdan o‘tdi, 381 nafari aniq ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yana 54 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilindi.
“TalabaYexpo – 2026” nafaqat bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, balki yoshlarning bilim va salohiyatini real imkoniyatlar bilan bog‘layotgan, ularni mustaqil hayotga ishonch bilan qadam qo‘yishga undayotgan muhim ijtimoiy maydon sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA