Talabalarning katta sahnaga chiqish imkoniyatlari kengaymoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi 10 ta oliygoh rektori har bir talaba bilan ishlab, ularning shaxsiy brendini yaratish, ijodiy mahsulotini sotish, hamkor topishga jiddiy e’tibor qaratishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan har bir talabaga taniqli ijodkorlarni biriktirib, dual ta’limni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bunda ustoz ijodkorlar yoshlarni o‘zining konsert, teatr va tomoshalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratib, ularni katta sahnada tayyorlab boradi.
Buning uchun ushbu ustozlarga oliygoh professor-o‘qituvchisiga teng miqdorda haq to‘lanadi. Taniqli ijodkorlar oliygohda dars beradigan bo‘lsa, oyligiga 50 foiz ustama to‘lanadi.
Yangi o‘quv yilidan ta’lim dasturlariga “Art-menejment”, “Kreativ industriya”, “Loyihalarni tijoratlashtirish” singari zamonaviy mavzular kiritiladi. Kinoindustriya, moda va dizayn, madaniyat menejmenti kabi yo‘nalishlarda xorijdan 50 nafar tajribali mutaxassis-o‘qituvchi olib kelinadi.
Talabalarning startap loyihalari uchun 10 ta oliygohga 50 milliard so‘m beriladi.
Hozir madaniyat va san’at sohasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha yaxlit tizim yo‘qligi bois, Konservatoriya huzuridagi markaz hamda San’at va madaniyat institutidagi markaz negizida Madaniyat vazirligida soha xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil qilinadi.
Ayni paytda davlatimiz rahbari uchrashuvda ishtirok etayotgan soha namoyandalari bilan muloqot qilmoqda.
O‘zA