Talabalarga viloyat hokimining stipendiyasi topshirildi
Andijon shahridagi viloyat Yoshlar markazida Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun ta’sis etilgan “Viloyat hokimining stipendiyasi” g‘oliblari taqdirlandi.
Ayni kunda viloyatdagi 4 ta oliy ta’lim muassasasida 36 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularning 1 ming nafarga yaqinini magistratura yo‘nalishi talabalari tashkil etadi.
Jadal rivojlanib borayotgan mamlakatimiz kelajagi ko‘p jihatdan iqtidorli, yuksak salohiyatli yoshlarga, bo‘lajak malakali mutaxassislarga bog‘liq. Ana shundan kelib chiqib, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar orasidan o‘zining yuksak iqtidor va qobiliyatini namoyon eta oladigan, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan fidoyi yoshlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ilm-fan, san’at, sport va boshqa yo‘nalishlarda respublika va xalqaro darajadagi yutuqlar ko‘lamini kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida viloyat hokimi o‘tgan yili o‘z stipendiyasini ta’sis etgan edi.
Oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan “Viloyat hokimi stipendiyasi”ga taqdim etilgan hujjatlar Nizom talablari asosida ko‘rib chiqilib, eng yuqori natijalarga erishgan 23 nafar talaba viloyat hokimining bir martalik stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda stipendiya sohiblariga viloyat hokimining bir martalik stipendiyasini olish huquqini beruvchi maxsus sertifikat hamda viloyat hokimining esdalik sovg‘asi – noutbuk tantanali ravishda topshirildi.
– Viloyatimiz hokimining e’tibori va rag‘bati biz yoshlarni yanada faol, fidoyi bo‘lishga undaydi, – deydi Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi Dilshodaxon Shoimova. – Bundan buyon ham faqat a’lo baholarga o‘qib, kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib, yurtboshimiz, viloyatimiz hokimi ishonchini oqlashga, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilishga harakat qilaman.
Mukofotlarni viloyat hokimligining ijtimoiy masalalar bo‘yicha kotibiyat mudiri Elyorbek Xolmirzayev topshirib, g‘olib talabalarni muborakbod etdi.
Stipendiya sohiblari viloyat hokimining 4 million 600 ming so‘m miqdordagi bir martalik stipendiyasini olish bilan birga, viloyat hokimligining zaxira kadrlar ro‘yhatiga ham kiritiladi. Ular oliy o‘quv yurtini tamomlaganlaridan so‘ng o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtiriladi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA