Talabalar xalqaro maydonlarni zabt etmoqda
Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlik va doʻstona aloqalari tobora rivojlanmoqda.
Farmon va ijro
Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlik va doʻstona aloqalari tobora rivojlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 15-noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingani bunga yanada keng yoʻl ochdi.
Mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida bir kator ishlar amalga oshirilmoqda.
Universitetning xalqaro jurnalistika fakulteti ikkinchi chet tilini intensiv oʻqitish kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan bugungi kunda talabalarga ingliz, indonez, malay, grek, turk, fransuz, fors, lotin tili kabi oʻndan ortiq tillarni zamonaviy, ilgʻor pedagogik texnologiyalar orqali samarali oʻqitilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga ham eʼtibor qaratilayotir.
Yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy elchixonalar, vakolatxonalar hamda madaniy markazlar bilan hamkorlik yanada yaxshilandi. Yaqinda universitetimizda Hindiston madaniyat markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston va Hindiston: bugun va kelajak” mavzusida madaniy uchrashuv tashkil etildi. Unda ishtirok etganlar bugungi kunda Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasida madaniy aloqalar bilan bir qatorda, ilm- fan sohasida ham hamkorlik mustahkamlanib borayotganligini taʼkidladi.
Deli universiteti vitse-prezidenti Kamal Kishar Goyanka Hindistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim hamda akademik almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilarni malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborish, xalqaro konferensiya va seminarlar tashkil etish taklifini bildirdi. Hindiston madaniyat markazi direktori Chandra Shekxar 20 nomdagi hind va ingliz tillaridagi kitob va oʻquv adabiyotlarini topshirdi. Uchrashuv soʻnggida talabalar tomonidan hind va oʻzbek tillarida ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Malayziya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Emcee Audition for Malaysia Festival Week nomli tadbirda nutq ravonligi sharti boʻyicha universitetimizning 4-bosqich talabasi Ozod Qurbonov faol ishtirok etdi. Pendidikan Sultan Idris universitetida oʻtkazilgan tanlovda qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritgan talabamiz 20 ta davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida faxrli birinchi oʻrinni egalladi.
Indoneziyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovda 1-kurs talabasi Zebo Mamadiyorova ham ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida boʻlib oʻtgan final bosqichida qatnashib, birinchi oʻringa sazovor boʻldi.
Albatta, bu yutuqlar oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Professor-oʻqituvchilarining saʼy-harakatlari va tinimsiz izlanishlari natijasida talabalarimiz mana shunday eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqda, xalqaro maydonlarni zabt etmoqda.
Dilfuza Teshabayeva,
filologiya fanlari doktori, professor.