Talabalar uchun o‘quv qo‘llanmalar taqdim etildi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Guliston davlat universiteti Psixologiya va ijtimoiy fanlar fakultetida “Ijtimoiy ish” yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun 12 nomdagi, jami 108 ta amaliy-metodik qo‘llanma taqdim etildi.
Taqdimot marosimida ta’kidlanganidek, mazkur qo‘llanmalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish hamda bo‘lajak mutaxassislarni real hayotiy vaziyatlarga tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi Baxtiyor Ayubqulovning qayd etishicha, qo‘llanmalar orqali talabalar keys-menejment asosida ishlash, ehtiyojmand aholi qatlamlari bilan samarali muloqot o‘rnatish, muammoli vaziyatlarni to‘g‘ri tahlil qilish hamda ijtimoiy xizmatlarni tizimli tashkil etish kabi muhim ko‘nikmalarni egallaydi.
– Mazkur qo‘llanmalar nafaqat o‘quv jarayoni uchun, balki kelajakdagi kasbiy faoliyat uchun ham mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Ular talabalarni ijtimoiy sohadagi real vaziyatlarga tayyorlash, mustaqil qaror qabul qilish va amaliy yondashuvni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Baxtiyor Ayubqulov.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi amaliy-metodik materiallar oliy ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirishga, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy xodimlarni tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida bildirilgan fikrlarga ko‘ra, mazkur tashabbus kelajakda malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ijtimoiy soha kadrlarini tayyorlashga xizmat qiladi hamda sohada amaliy yondashuvni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA