Talabalar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari
“O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “World Savings Day – 2026” (Butunjahon jamg‘arish kuni) loyihasi doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mahorat darslari tashkil etildi.
Tadbir talabalarning moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni bank-moliya sohasidagi zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishtirish va kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratildi.
Mahorat darslarida bank vakillari Gulbahor Ergasheva, Firdavs Akmalov va Shahzod Axmatov moliyaviy bilimlar, xalqaro hamkorlik hamda bank sohasida mehnat faoliyatini boshlash imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Xususan, xorijiy kredit liniyalarining mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jalb etish va istiqbolli biznes loyihalarini moliyalashtirishdagi o‘rni xususida so‘z yuritildi. Talabalarga bank tizimida xalqaro moliyaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonlari amaliy misollar asosida tushuntirildi.
Shuningdek, bankning “Kelajakka qadam” dasturi, yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar, amaliyot va stajirovka o‘tash tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda moliyaviy savodxonlik shaxsiy mablag‘larni oqilona boshqarish, moliyaviy qarorlar qabul qilish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ochiq muloqot davomida talabalar bank faoliyati, xalqaro moliyaviy hamkorlik, stajirovka o‘tash va ishga joylashish imkoniyatlariga oid savollariga javob oldi.
[gallery-32207]
Mahorat darslari yoshlarning bank-moliya tizimi haqidagi bilimlarini boyitish, nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash va kelgusidagi kasbiy faoliyatini rejalashtirishiga xizmat qildi.
Kamola YUSUPOVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA