Talabalar turar joylari holati o‘rganildi
Shu kunlarda Qo‘qon davlat pedagogika instituti tomonidan 2024/2025-o‘quv yilida talabalarni munosib kutib olish va ularni turar joy, ijara xonadonlar bilan ta’minlash maqsadida institutga yondosh mahallalardagi ijara xonadonlarining sharoitlari o‘rganildi.
Institut rektori Dilnoza Xodjayeva tashkil etilgan ijara xonadonlarini ko‘zdan kechirib, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xonadon egalari bilan suhbatda bo‘lib, ijara narxlari va talabalar xavfsizligini ta’minlash ishlari bilan qiziqdi.
Talabalar dars tayyorlashlari, yotib dam olishlari, ovqatlanishlari uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa masalalar yuzasidan o‘zining taklif va mulohazalarini bildirdi.

Qayd etish lozimki, bu yil 600 nafar talabaning ijara xonadonlarga ehtiyoji mavjudligidan kelib chiqib institutga yondosh mahallalardan 102 ta ijara uylar ro‘yxati shakllantirilgan.
Dilnoza Xodjayeva 3-sonli talabalar turar joyida ham bo‘ldi. O‘z bag‘riga 708 nafar talabani qabul qiladigan mazkur yotoqxonada ayni paytda talabalarni qabul qilishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Institut rektori umumiy foydalanish joylari, jumladan, yuvinish xonalari, hojatxonalar, oshxona, isitish, yoritish tizimi bilan tanishib, shu yerning o‘zida mas’ullarga kamchilik va muammolarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA