Talabalar taklifi qoʻllab-quvvatlandi
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, institut professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat istitutida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar: yoshlarning maʼnaviy va maʼrifiy saviyasini doimiy yuksaltirish – birinchi darajali vazifamiz” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda senatorlar, institut professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Murojaatnomasida belgilangan vazifalar, ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ilm-maʼrifat va sportga keng jalb qilish kabi masalalarni tizimli bajarish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Xususan, madaniyat va sanʼat muassasalariga alohida eʼtibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini koʻrish borasidagi vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Joriy yilda byudjet mablagʻlari hisobidan 22 teatr va madaniyat obyekti quriladi, rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 madaniyat markazi va istirohat bogʻi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Kinematografiya sohasida badiiy yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish, jumladan, yangi kinoteatrlar qurishni taʼminlash eʼtibor markazida boʻladi. Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan Kinematografiyani 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun ishlab chiqish boʻyicha zarur koʻrsatma berildi. Bu saʼy-harakatlar, avvalo, ushbu yoʻnalishda tahsil olayotgan yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Biroq soʻnggi yillarda sanʼat va madaniyat yoʻnalishini bitirgan yoshlar oʻz sohasida faoliyat yuritmayotir, shu tufayli mutaxassislarga talab yuqori boʻlmoqda.
Seminarda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev yoshlarni malakali kadr qilib tayyorlash, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini optimallashtirish borasida qilinishi zarur boʻlgan ishlarni aytib oʻtdi. Ayniqsa, mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan ijtimoiy fanlar sonini qisqartirishda talabalar fikrini oʻrganish muhimligi haqida soʻz bordi.
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti yoshlari tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga karatilgan “Eng yaxshi kitobxon talaba”, “Eng yaxshi kitobxon guruh” kabi tanlovlarni tashkil etish, faol talaba va oʻqituvchilarni taqdirlash kabi takliflar maʼqullandi. Talabalar oʻrtasida Sharq allomalari hayoti va boy maʼnaviy merosiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazish, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida “Talaba minbari” nomli koʻrsatuv tashkil etish, unda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida yoshlar fikrini berib borish taklifi ham qoʻllab-quvvatlandi.