Talabalar “Rektor kubogi” musobaqasida bahslashdi
Samarqand davlat universitetida talabalar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha “Rektor kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Turnir Prezidentning shaxmatni yanada rivojlantirish va ommalashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Musobaqada universitetning barcha fakultetlaridan shaxmat ixlosmandlari bo‘lgan talabalar ishtirok etdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bahslar yakuniga ko‘ra erkaklar o‘rtasida matematika fakulteti talabasi Ulug‘bek Sunnatov 1-o‘rinni, tarix fakulteti talabasi Ravshanbek Usmonov 2-o‘rinni, fizika fakulteti talabasi Yusufbek Abdullayev 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Zebo Usmonova, rus filologiyasi fakulteti talabasi Nilufar Burhonova hamda kimyo fakulteti talabasi Robiya Ne’matjonova g‘olib va sovrindor bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati