Talabalar o‘quv-amaliy mashq maydonida bo‘ldi
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining bir guruh talabalari nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida “Navbahortumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida tashkil etilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulot maydonida bo‘ldi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, yoshlar bilim va tajribasini oshirish, ularni sohaga qiziqtirish va kelgusida o‘z kasbining yetuk ustasi bo‘lib yetishish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Tadbir doirasida dastlab “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali direktori M. Normamatov yoshlar bilan uchrashib, ularning orzu-maqsadlari, intilishlari bilan qiziqdi.
Yoshlar bilan uchrashuvdan so‘ng, barcha ishtirokchilar o‘quv-amaliy mashq maydonidagi ko‘rgazmali namunalar, gaz va gaz jihozlari, ularning maqsadi, foydalanish tartibi bilan yaqindan tanishdi. Filial rahbari va shahar, tuman gaz idorasi bo‘limi mas’ullari talabalarga gaz anjomlari vazifasini tushuntirib berdi.
Talabalar aholiga tabiiy va suyultirilgan gazning yetib borishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarini qamrab olgan jihozlar va texnikalar ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan kuzatdi. Gaz taqsimlash qurilmasi, uning ishlash tartibi, elektron gaz hisoblash uskunasi, muammo kuzatilganda elektron gaz hisoblash uskunasida olib boriladigan sim-karta batareyka almashtirish, suyultirilgan gazni zavoddan iste’molchi xonadonigacha kirib borish jarayonlari va boshqa gaz ta’minoti bilan bog‘liq namunalar ko‘rsatildi.

– Bugungi o‘quv-amaliy mashq maydoniga bo‘lgan sayohatimiz unutilmas bo‘ldi, – deydi universitetning 4-bosqich talabasi Bilol Egamberdiyev. – Gaz sohasi juda qiziqarli va shu bilan birga mas’uliyatli ish ekanligini bildim. Ayniqsa, elektron gaz hisoblash uskunasining ishlash tartibi, maishiy gaz balloni va uni aholiga yetkazish jarayonlari men uchun juda qiziq bo‘ldi. O‘quv-amaliy mashq maydonida o‘zimiz uchun juda ko‘p nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldik. Kelgusida gaz ta’minoti sohasida ish faoliyatimni olib borishni niyat qildim.

Albatta, dual ta’limni rivojlantirish, oliy ta’lim va korxona, tashkilotlar o‘rtasida bu kabi hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishi sohaga izlanuvchan, kasbga mehrli yoshlarni keng jalb etish va kadrlar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri