Talabalar ishlab chiqarishda chiniqishadi
Endi Guliston davlat universitetining biologiya, biotexnologiya va agronomiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar zamonaviy biotexnologik korxonada ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, xalqaro talablar asosida jihozlangan laboratoriyalarda ilmiy izlanishlar olib borish hamda innovatsion texnologiyalarni amalda o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu boradagi ishlar Guliston davlat universiteti hamda «Agroinvitro» biotexnologik ko‘chatchilik kompleksi o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov hamda Tabiiy fanlar fakulteti dekani Abduhakim Musurmanov «Agroinvitro» kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda «Agroinvitro» mamlakatimizdagi eng yirik innovatsion biotexnologik ko‘chatchilik komplekslaridan biri hisoblanadi. G‘allaorol tumanida 20,4 gektar maydonda barpo etilgan majmua tarkibida 3 500 kvadrat metrli yuqori texnologiyali in vitro laboratoriyasi, 2 gektar avtomatlashtirilgan issiqxona, 18 gektar ona ko‘chatlar bog‘i hamda zamonaviy muzlatkich ombori faoliyat yuritmoqda. Laboratoriya Niderlandiyaning Viscon Group kompaniyasi ishlab chiqqan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda mikroklonal ko‘paytirish, virus va bakterial kasalliklardan xoli ko‘chatlar yetishtirish hamda ularni tashqi muhitga bosqichma-bosqich moslashtirishning to‘liq texnologik zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Korxona 2025-yilda ISO 9001:2015 xalqaro sifat boshqaruvi sertifikatini ham qo‘lga kiritdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, in vitro texnologiyasi an’anaviy ko‘chatchilikdan tubdan farq qiladi. Mazkur usul o‘simlikning meristema to‘qimasini steril laboratoriya muhitida ko‘paytirish orqali genetik jihatdan barqaror, viruslardan xoli va yuqori hosildor ko‘chatlar olish imkonini beradi. Bu esa intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va mevachilikda mahsuldorlikni oshirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik doirasida talabalar genetika, o‘simliklar fiziologiyasi, molekulyar biologiya va biotexnologiya fanlaridan auditoriyalarda olgan nazariy bilimlarini zamonaviy laboratoriya hamda issiqxona sharoitida mustahkamlaydi. Ular steril muhitda ishlash, ozuqaviy muhitlar tayyorlash, mikroklonal ko‘paytirish, o‘simliklarni akklimatizatsiya qilish, sifat nazorati va laboratoriya tahlillarini amaliy jarayonlarda bevosita mutaxassislar rahbarligida o‘zlashtiradi.

Shuningdek, magistrlar va tayanch doktorantlar o‘z ilmiy tadqiqotlarini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qo‘shma loyihalar doirasida mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, yuqori hosildor va kasalliklarga chidamli mevali daraxtlar hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish rejalashtirilgan.

— Bizning asosiy maqsadimiz talabalarni faqat nazariy bilim bilan emas, balki zamonaviy ishlab chiqarish muhitida shakllangan amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirishdir. «Agroinvitro» kompaniyasi bilan hamkorlik ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi. Bu yerda talabalar haqiqiy innovatsion muhitda ishlashni o‘rganadi, professor-o‘qituvchilar esa ishlab chiqarish bilan bog‘liq yangi ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, — deydi Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov.

Bugun mehnat bozori nafaqat diplomli, balki zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, ilmiy fikrlaydigan va ishlab chiqarish jarayonlarini chuqur biladigan mutaxassislarni talab qilmoqda. Guliston davlat universiteti va «Agroinvitro» o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur hamkorlik aynan shunday raqobatbardosh biotexnologlar avlodini tarbiyalash, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish va mamlakatimiz agrar sohasining innovatsion taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri