Talabalar daraxt ko‘chatlari ekishda faollik ko‘rsatishmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Yangiyer shahrida ham keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Xususan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida o‘tkazilgan navbatdagi ko‘chat ekish tadbirida professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda talaba-yoshlar ham faol ishtirok etishdi. Tadbir davomida filial hududiga qariyb 2 ming tup yassen, chinor, terak, qayrag‘och kabi manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, yashil hududlar yanada kengaytirildi.

Filial direktori o‘rinbosari, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul Otabek Abdug‘aniyev ta’kidlaganidek, mazkur tashabbus shunchaki ommaviy aksiya emas. Uning zamirida ona zaminga ehtirom, tabiatni asrash, ekologik muvozanatni ta’minlash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhit yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam. Shu bilan birga, bu ishlar xalqimizga xos obodonchilik, hovli va ko‘chalarni sarishta tutish, gul-rayhonlar ekib, atrof-muhitni go‘zallashtirish kabi qadriyatlarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Talaba-yoshlar ham bu jarayonda katta ishtiyoq bilan ishtirok etishmoqda. Ulardan biri Usmon Berdiyev o‘z fikr-mulohazalarini shunday ifodaladi: – Bugun ekilayotgan har bir ko‘chat ertaga soya-salqin beradigan ulkan daraxtga aylanadi. Uning kimgadir foydasi tegishini o‘ylashning o‘zi maroqli. Shu bois, kursdoshlarim bilan birga ushbu loyihada faol qatnashdik.

Ma’lumki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda keng ko‘lamli “yashil belbog‘lar” barpo etish rejalashtirilgan. Bu esa shamol va qum-chang bo‘ronlarining salbiy ta’sirini kamaytirish, cho‘llanish jarayonlariga qarshi kurashish hamda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Sirdaryo viloyatida ushbu loyiha doirasida bahor mavsumida 9 million 120 ming, kuz mavsumida esa 8 million 800 ming tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parklari” tashkil etildi. Joriy yil bahor mavsumida esa viloyat bo‘yicha 5 million tupdan ziyod ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar samarasida fermer xo‘jaliklari dalalarining chetlari, avtomobil va temir yo‘llar atrofi, daryo va kanallar bo‘ylari, ariq va zovurlar hududlarida himoya o‘rmonlari barpo etilmoqda. Bu esa tuproq eroziyasining oldini olish, qum ko‘chishini cheklash va umumiy ekologik holatni yaxshilashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri