"Talabalar bahori” festivali
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan “Talabalar bahori” festivali yoshlar birlashsa, katta kuch ekanligini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimligi, prokuratura, ichki ishlar, mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari hamda Jizzax shahridagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Tadbirni JDPU rektori, professor Shavkat Sharipov ochib, barcha qatnashchilarga omad va zafarlar tiladi.
Tadbir doirasida JDPUning barcha fakultetlari talaba-yoshlari tomonidan respublikamiz viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari, milliy qadriyat va an’analari namoyishi, talaba-yoshlar o‘rtasida kitobxonlik, zakovat kabi ko‘rik-tanlovlar hamda turli sport musobaqalari, jumladan, stol tennisi, shaxmat va shashka bellashuvlari o‘tkazildi.
[gallery-23431]
Yangi adabiyotlar va ijodiy ishlar ko‘rgazmasi, modalar namoyishi, milliy folklor kuy-qo‘shiqlariga monand raqslar, mushoira kechasi hamda davra suhbatlari barchaga manzur bo‘ldi.
“Quvnoqlar va zukkolar” jamoalarining chiqishlarida talabalarning kundalik turmushidan olib tayyorlangan hazillar tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Talabalar o‘z mahoratlarini nafaqat ilm-fanda, balki san’at, sport sohalarida ham namoyon etishdi. Ayniqsa, tashkil etilgan sahna ko‘rinishlari bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
“Talabalar bahori” festivali jarayonida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini barchaning diqqat markazida bo‘ldi. Bellashuv yoshlarning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unda jami 12 ta jamoa qatnashdi.
– Bunday tadbirlar yoshlarning badiiy-ijodiy mahoratini namoyon etishga ko‘maklashishi bilan birga, ularda kelajagi buyuk davlat vorislariga xos istiqbolga ishonch, ilm-ma’rifat cho‘qqilariga intilish, shijoat singari fazilatlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi, – deydi Jizzax viloyat prokurori B. Ibrohimov.
Festival yakunida yil davomida xalqaro va respublika miqyosidagi turli tanlov, ijodiy bellashuv va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli natijalarga erishgan ijodkor va iqtidorli faol talabalarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbiralari