Talaba xalqaro tanlov g‘olibi
Samarqand shahridagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm majmuasida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan tanlovda qoraqalpog‘istonlik talabaning loyihasi ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Markaziy Osiyodagi eng yirik ekologik maydonlardan biri sanalgan mazkur nufuzli tadbir ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Ko‘rgazmada dunyoning 30 dan ortiq davlatidan kelgan vakillar, xalqaro tashkilotlar, investorlar, ekologlar, olimlar, tadbirkorlar hamda yosh ixtirochilar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 ta korporativ va hududiy pavilon, shuningdek, Markaziy Osiyoning eng istiqbolli 20 ta ekologik startap loyihasi namoyish etildi.

Mazkur xalqaro tanlovda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali 1-bosqich magistranti Shahida Qarlibayeva o‘zining “Ecopost” innovatsion loyihasi bilan faxrli 2-o‘rinni egalladi.
Ekologik muammolarga amaliy yechim taklif etuvchi mazkur loyiha hakamlar hay’ati tomonidan dolzarbligi, innovatsion yondashuvi va ijtimoiy ahamiyati uchun yuqori baholandi. Natijada Shahida Qarlibayeva tanlov g‘oliblari qatoridan o‘rin olib, 125 million so‘m pul mukofoti, diplom hamda maxsus statuetka bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, Shahida Qarlibayeva bugungi muvaffaqiyatga qadar ham qator respublika va xalqaro miqyosdagi tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, yaqinda o‘tkazilgan “Eko-tashabbus” loyihalar tanlovida ham faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovining final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Xitoy Xalq Respublikasiga ta’lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Mazkur safar joriy yilning 18-iyun sanasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shahida Qarlibayevaning “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasidagi ushbu yutug‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlarining ilm-fan, innovatsiya va ekologik tashabbuslar sohasidagi salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Shu bilan birga, bu natija yoshlarning zamonaviy bilim va texnologiyalarga tayanib, jamiyat uchun muhim bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surishga qodir ekanini ko‘rsatdi.
D.Abibullayev,
O‘zA.