Tahlil va tanqid ruhida
Andijonda 2014 yil yakunlari va 2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Andijonda 2014 yil yakunlari va 2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov boshqargan yig‘ilishda 2014-yilda viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Hisobot davrida viloyat iqtisodiyotining barcha sohalarida o‘sish ta’minlandi. Yalpi hududiy mahsulot 8,3 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 5,5, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 7,9, qurilish ishlari 11, chakana savdo aylanmasi 14, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 13,5 foizga oshib, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida barqaror o‘sish ta’minlandi.
Viloyatni 2013-2015-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan o‘tgan yili 3 ming 720 loyiha amalga oshirilib, qariyb 357,8 milliard so‘mlik investitsiya, jumladan, 4 million 22 ming dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Natijada 34 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Iqtisodiyotga jalb etilgan investitsiyalarning 15 foizdan ortig‘i sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik yangilashga yo‘naltirildi. Yangi sanoat korxonalarini tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobiga 741 ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirildi. O‘n bitta yangi, o‘n olti turda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 3,8 million AQSh dollari miqdoridagi valyuta tejab qolinishiga erishildi.
Hisobot davrida viloyatda 1 ming 860 yangi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 22 ming 802 taga yetdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga banklar tomonidan 611,9 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Ushbu sohaning rivojlanishi natijasida 71 ming 385 ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda xo‘jalik va davlat boshqaruvi organlari, korxona va muassasalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, ushbu sohani rivojlantirish, aholi va mutaxassislarning komputer savodxonligini oshirish, interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar olib borilayotgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar barobarida ayrim sohalarda mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani tahlil va tanqid qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Andijon viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.