Taekvondochilarimizning g‘alabasi
Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan taekvondo (WTF) bo‘yicha Turkiya ochiq chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan taekvondo (WTF) bo‘yicha Turkiya ochiq chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.Musobaqaning kattalar o‘rtasidagi vazni 87 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida qatnashgan XVII Osiyo o‘yinlari g‘olibi Jasur Boyqo‘ziyev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Tajribali sportchimiz fransiyalik Maksim Baudion, italiyalik Karlo Molfetta, ozarbayjonlik Radik Isayev, hal qiluvchi bahsda Buyuk Britaniya vakili Massop-Muhammad Lutaloni mag‘lubiyatga uchratdi.
Vazni 87 kilogrammdan og‘ir bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida Dmitriy Shokin Lili Uolker (Buyuk Britaniya), Leonardo Bazile (Italiya), Ivan Trajkovich (Sloveniya), Arsen Sinaridze (Rossiya)ni yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, har ikki sportchimiz 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolariga ham ega bo‘ldi.
Musobaqa doirasida o‘tkazilgan kadetlar va o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Islomjon Adhamov, Nigora Tursunqulova va Madinabonu Mannopova o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Hojiakbar Zokirov kumush, Shohruhxon Sultonov, Intizor Abdualimova, Durdona Abdulhayeva va Rushana Faxriddinova bronza medal bilan taqdirlandi.