Tadbirkorni «kuydirmang», ular qonun himoyasida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoniga Jizzax viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oyiga qadar kelib tushgan 237 ta murojaatning 221 tasi hal etildi. Qolgan 16 tasi esa keyingi hisobot davriga qoldiq bo‘lib o‘tdi.
Ana shunday qonun buzilishlarning oldini olish va tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan «uddaburonlar» ishi qonun doirasida o‘rganilib, tegishli tartibda javobgarlikka tortilmoqda.
Jumladan, Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan “BEST AGRO FOODS” fermer xo‘jaligi rahbari Sh.Vahobovning Zafarobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlik vaqtida to‘lab berilmayotgani bo‘yicha qilingan murojaati yuzasidan olib borgan o‘rganishlar natijasida “BEST AGRO FOODS” fermer xo‘jaligi va Zafarobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga umumiy qiymati 18 million 250 ming so‘mlik manzarali gul o‘simliklarni o‘z vaqtida yetkazib bergan bo‘lsada, qarzdorlik belgilangan muddatlarda to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudiga “BEST AGRO FOODS” fermer xo‘jaligi foydasiga Zafarobod tuman Obodonlashtirish boshqarmasi hisobidan yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritilib, mavjud qarzdorlik undirib berildi.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasida o‘tkazilgan o‘rganish davomida soha xodimlari tomonidan 300 dan ortiq holatda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilganligi va tekshiruvlar o‘tkazishning belgilangan tartibi buzilganligi aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilib, 15 nafar mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 2412-moddasi bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy hal etish uchun sudlarga yuborilishi natijasida sudlarning tegishli qarorlari bilan huquqbuzarlarning javobgarlik masalasi hal etildi.
Jumladan, jinoyat ishlari bo‘yicha Zomin tuman sudining qarori bilan Zomin tuman SEOM va JS bo‘limi mas’ul xodimi Z.Yariyev O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 2412-moddasi bilan huquqbuzar deb topilib, unga nisbatan shu modda bilan MJtKning 33-moddasi qo‘llanilgan holda 4 million 460 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Biznes-ombudsman tomonidan shu kabi tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotganlarga nisbatan nazorat kuchaytirilib, tadbirkorlarning buzilgan huquqlari doimiy himoya qilinishi ta’minlanadi.
Asilbek Ergashev,
Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori.
O‘zA