Tadbirkorlik rivojida yangi bosqich
Mamlakatimizda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularga ko‘proq erkinlik berish, faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.
Mamlakatimizda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularga ko‘proq erkinlik berish, faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Buxoro viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Romitan tumanida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda bu alohida ta’kidlandi.
Romitan tumanida ayni paytda ikki mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning deyarli teng yarmi yakka tartibdagi tadbirkorlardir.
Tumanda eksportchi korxonalar soni ham yildan-yilga ortmoqda. Tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sharofat Invest Teks” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasi shulardan biri.
– Mamlakatimizda ayniqsa eksportchi korxonalarga katta imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda, – deydi qo‘shma korxona bosh hisobchisi Mustafo To‘rayev. – Masalan, valyuta tushumining hammasi o‘zimizda qoldirilmoqda. Bu mablag‘ ishlab chiqarishni rivojlantirishga sarflanayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida 324 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Bu umumiy mahsulotimizning qariyb 80 foizini tashkil etadi. Yirik eksportchi korxona sifatida soliq va bojxona imtiyozlaridan ham foydalanamiz. Prezidentimizning 2015-yil 15-mayda qabul qilgan farmoniga asosan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organiga taqdim etiladigan hujjatlar soni 35 tadan 5 taga tushirildi. Bu, o‘z navbatida, vaqt va mablag‘imizni tejash imkonini berayotir.
Tadbirda mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.