Tadbirkorlik nega rivojlanmayati, bilasizmi?
O‘tayotgan har bir kun xalqimiz uchun sinovli kechayapti. Boisi har kun tongda nimadir o‘zgarayapti.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarning qaysi biriga qaramang «aholi murojaatlari» bo‘yicha bir muammo chiqib turibdi-da. Aslida fuqaro yoki tadbirkor imkonsizligidan jamoatchilik fikrini uyg‘otish uchun shunday qilishga majbur bo‘larkan. Bu borada Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha eng qulay uslubni qo‘llaydi.
Har bir murojaat doimo tizim e’tiborida. Xuddi shunday murojaatlardan biri Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘rganildi. “KOLBERG PRODUCTION” MCHJ mutasaddilari qurilishi tugallangan savdo majmuasini foydalanishga qabul qilishda amaliy yordam berishni so‘rab yozgan.
Aniqlanishicha, mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat 2020 yil 11 noyabr kuni Sergeli tumani, O‘zgarish QFY «Yuqori Darxon» MFY TXAY bo‘yida joylashgan 1000 kv.m dan ortiq bo‘lgan savdo majmuasiga Sergeli tuman Davlat xizmatlari markazi orqali qurilishi tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish yuzasidan ariza yuborgan. Ammo, arizaga DXMga integratsiyalashgan vakolatli idora, ya’ni Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi rad javobini bergan.
Rad javobining vaj karsoni endi tadbirkorni yugurtirishdan bo‘lak yumush emas. Har holda o‘rganilgan tekshiruv natijalari shunday xulosani berdi. Emishki, ushbu ob’ektni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlari inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangan va yakunlanganligi, inspeksiya tomonidan nazorat ishlari olib borilmaganligi, shu sababli ob’ektni qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan noturar bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini rasmiylashtirishda ishtirok etmasligini ta’kidlagan. Yana ushbu hudud Toshkent viloyatiga tegishli ekan. Mana vakolatli idora mutasaddilarining bahonasi.
Bundan tashqari, xuddi shu murojaatni tadbirkorlar 2020 yil 18 noyabr kuni Zangiota tuman Davlat xizmatlari markazi orqali ham qayta yuborgan. Bunda Toshkent viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Zangiota tuman filiali tomonidan ushbu bino Toshkent shahar Sergeli tumaniga qarashli ekanligini ko‘rsatib rad etgan. Mazkur holat bir emas, 4 marotaba takrorlangan. Yugur – yugur ham shunchalik bo‘lar-da, axir. Ovorasi chiqqan tadbirkor qanday qilib mas’ul davlat idoralariga ishonsin, ayting. Haqli e’tiroz. Mahalliy biznes vakillari bunday sarsongarchilikdan keyin qanday rivojlansin?
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi aralashuvidan so‘ng, muammo bo‘yicha qo‘yidagilar aniqlandi va tadbirkor foydasiga hal etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 3 maydagi «Toshkent viloyati Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi SQ-418-III-sonli qarori hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2019 yil 19 iyundagi 460/54-5-sonli qarorlariga asosan “KOLBERG PRODUCTION” MCHJ tomonidan qurilgan bino joylashgan manzil, ya’ni «Yuqori Darxon» mahalla hududi hozirda Toshkent shahar Sergeli tumani hududiga kiradi, bu bir.
Shu bilan birga, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning 11-moddasiga muvofiq ma’muriy ish yuritish davomida yuzaga keladigan, qonun hujjatlarining bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklari va noaniqliklari manfaatdor shaxslar foydasiga talqin qilinishi lozimligini inobatga olinishi bo‘yicha Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi hamda Toshkent shahar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tegishli xat kiritildi. Tadbirkorning murojaati tez orada ijobiy hal etilib, muammosi yechildi.
Dilmurod RAHMONOV,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i