Tadbirkorlik faoliyati ishonchli himoyada
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni me’yorlari mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni me’yorlari mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.Unda Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, huquqshunos olimlar, tadbirkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi D.Abduqodirov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning rivojlanish yo‘lidagi ortiqcha g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Yangi qonun xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning huquqiy himoyasini takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari xodimlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvi va to‘sqinligi uchun javobgarlikni kuchaytirishda muhim kafolatlar yaratdi. Qonunga muvofiq qirqdan ortiq qonun hujjatiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlarini qamrab oldi.
– O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadigan boshqa jinoyatlar bo‘yicha alohida bob kiritildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Iskanov. – Masalan, mahalliy hokimliklar yoki nazorat organlari tomonidan tadbirkorni homiylikka va boshqa shu turdagi tadbirlarga majburiy jalb qilish Jinoyat kodeksining 1924-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Jinoyat kodeksining 1922-moddasida tadbirkorni noqonuniy tekshirish yoki shunday tashabbus bilan chiqqan nazorat organlariga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan ayrim turdagi huquqbuzarliklar sodir etish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi. Savdo va vositachilikdagi ba’zi huquqbuzarliklar jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazildi.
– Ilgari kirim qilinmagan tovarlarni saqlash kirim qilinmagan tovar qiymati miqdorida jarima solishga olib kelar edi, – deydi poytaxtimizdagi «Berk» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Furqat Qalandarov. – Yangi tartibga muvofiq kirim qilinmagan tovar davlat daromadiga o‘tkazilsa, tovar qiymatida moliyaviy sanksiya qo‘llanilmasligi belgilandi.
Anjumanda tadbirkorlik huquqlarini ishonchli himoya qilishda adliya idoralari va xo‘jalik sudlarining asosiy vazifalari, soliq organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat rivojidagi o‘rni singari mavzularda ma’ruzalar tinglandi.