Tadbirkorlarni qiynagan masalalar o‘z yechimini topadi
Mamlakatimizda kichik biznes sub’ektlari uchun soliq rejimlarini qulaylashtirish, qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini yanada soddalashtirish orqali biznes o‘sishini keng rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 mayda qabul qilingan “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni ayni yo‘nalishda muhim asos bo‘ldi.
Biznes o‘sishi uchun iqtisodiy va ma’muriy qulayliklar yaratish, asosiy soliq stavkalarini oshirmasdan shaffof soliq bazasini kengaytirishda hujjatning ahamiyati qanday? Shular xususida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi Soliq solish bo‘yicha maslahat bo‘limi boshlig‘i Ismatulla Sevinchovning fikrlariga qiziqdik.
– Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 mayda qabul qilingan farmoni bilan shu kungacha tadbirkorlarni qiynab kelayotgan, ularning shaffof va ochiq faoliyat yuritishi uchun to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab masalalar o‘z yechimini topdi, – deydi Ismatulla Sevinchov. – Hujjatda avvalo biznes o‘sishini rag‘batlantirishga alohida urg‘u berilgani muhim sanaladi. Xabaringiz bor, 2019 yildan buyon foyda solig‘i va QQSga o‘tish uchun belgilangan 1 milliard so‘m miqdoridagi chegaraviy miqdor shu kungacha qayta ko‘rib chiqilmagan, shu bilan birga, mazkur chegara qat’iy miqdorda belgilangan edi.

O‘rganishlarimiz natijasida ayrim tadbirkorlar tomonidan korxonalarni 1 milliard so‘mgacha yetkazmasdan yopib yuborish yoki bir nechta korxonaga bo‘lish, chek bermaslik orqali QQS to‘lashdan qochishga urinish holatlari bo‘lgan. O‘z biznesining kengayishiga intilmagan.
Biznesning o‘sishini qo‘llab-quvvatlash va yuqorida qayd etilgan holatlarga barham berish maqsadida 2026-yil 1-iyundan kichik biznes sub’ektlarining umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishi uchun belgilangan chegara miqdori 1 milliard so‘mdan 12 ming bazaviy hisoblash miqdorigacha, ya’ni qariyb 5 milliard so‘mga oshirildi. Shu tariqa mazkur chegara miqdori kelgusida narxlar o‘sishini hisobga olgan holda avtomatik ravishda indeksatsiya qilinishi uchun bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘landi.
Shuningdek, tovarlarni import qilgan yuridik shaxslarni, YATT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQSga o‘tkazish tartibi bekor qilinmoqda. Amalda aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi bir marta import orqali tovar olib kelsa ham, majburiy tartibda QQSga o‘tkazilar edi. Bundan tashqari, farmon bilan tadbirkorlarni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan yana bir masalaga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, 2026 yil 1 iyundan 2030 yil 1 yanvarga qadar asosiy faoliyati umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlarga QQSni hisoblash va to‘lashning amaldagi 12 foiz stavkasi bilan birgalikda soddalashtirilgan tartibini qo‘llash huquqi berilmoqda. Soddalashtirilgan tartibda ushbu sohalar uchun QQS stavkasi 6 foiz belgilanib, foyda solig‘idan ozod qilgan holda hisobot topshirish majburiyati bekor qilinmoqda.
Bir narsaga e’tibor qaratish lozim, ya’ni soddalashtirilgan tartibga o‘tgan tadbirkorlarga QQSni hisobga olish huquqi berilmaydi. QQS bo‘yicha mavjud imtiyozlar va “keshbek” (umumiy ovqatlanish, turoperator va mehmonxona xizmatlarida) tartiblari qo‘llanilmaydi, shuningdek, hisobga olingan QQS summalari hisobdan chiqariladi. Soliq to‘lovchilar tomonidan QQSning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish yoki uni qo‘llashdan voz kechish xabarnoma yuborilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan amalga oshiriladi. Ya’ni iyun oyida xabarnoma bergan holda 1-iyuldan soddalashtirilgan tartibga o‘tish mumkin bo‘ladi.
– Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’muriyatchiligini yaxshilash va ma’muriy yukni kamaytirish borasida qanday o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda?
– Darhaqiqat, endilikda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishda mavjud ayrim ma’muriy to‘siqlar bartaraf qilinmoqda. Xususan, QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat QQS to‘lovchilar hisobini yuritish uchun beriladi va guvohnoma o‘z vaqtida olinmaganligi uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi. Bunda guvohnomani vaqtinchalik to‘xtatib turish tartibi bekor qilinmoqda.
Shuningdek, QQS to‘lovchilarida yuzaga kelgan 10 million so‘mgacha bo‘lgan salbiy farq summasi ularning arizasisiz va soliq tekshiruvi o‘tkazilmasdan avtomatik tartibda qaytariladi. 2027-yildan boshlab esa soliq xavfi past bo‘lgan soliq to‘lovchilarga QQS summasini qaytarish faqat avtomatik tartibda amalga oshiriladi.
Eng muhimi, kichik biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari yanada kengaytirildi. Jumladan, umumiy ovqatlanish korxonalariga tushumning shaklidan qat’i nazar, to‘langan QQS summasining 40 foizini qaytarish belgilandi. Ilgari naqd pulsiz tushum ulushi 60 foizdan yuqori bo‘lganda, to‘langan QQS summasining 40 foizi, 60 foizdan kam bo‘lganda esa 20 foizi qaytarilar edi.
Darhaqiqat, Prezidentimizning mazkur farmoni biznes o‘sishi uchun iqtisodiy va ma’muriy qulayliklar yaratish, asosiy soliq stavkalarini oshirmasdan shaffof soliq bazasini kengaytirishda samarali vazifalarni o‘zida jamlagan. Bu raqamli servislar va soliq solishning adolatlilik tamoyiliga asoslangan xavfga yo‘naltirilgan soliq ma’muriyatchiligini yaxshilash imkonini oshirib, davlat, biznes, xodimlar, iste’molchilar, mahalliy byudjetlar va investorlar manfaatlari muvozanatini ta’minlaydi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA