Tadbirkorlarga yangi imtiyozlar mazmun-mohiyati tushuntirildi
Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Soliyev, Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi mas’ullari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda yangi farmon bilan joriy etilayotgan mexanizmlar, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi berilmoqda.
Mazkur tartibga muvofiq tovar va xizmatlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 6 foiz, foyda solig‘i stavkasi esa 0 foiz etib belgilangan. Shuningdek, ayrim hisobotlarni taqdim etish majburiyatining bekor qilinishi tadbirkorlik faoliyatini yuritishni yanada yengillashtirishi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilariga soliq yukini kamaytirish, rasmiy faoliyat yuritishning afzalliklari hamda “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida joriy etilgan yangi yondashuvlar hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
[gallery-29899]
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan seminarda ishtirokchilar elektron hisob-fakturalardan foydalanish, soliq hisobotlarini yuritish, soliq qarzdorligini kechiktirib to‘lash va ortiqcha to‘langan mablag‘larni qaytarish mexanizmlari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Qayd etilishicha, mazkur seminarlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida ham o‘tkazilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA