Tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligida muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 8 oktyabrda jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan muloqotda mutasaddi tashkilot vakillari, Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi, “A`LO OMAD RIVOJI” MCHJ xodimlari, tadbirkorlar, hunarmandlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, joriy yilda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda “Hunarmand” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha imzolangan qo‘shma chora-tadbirlar dasturiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2 tadan tuman (shahar) belgilab olingan, tanlangan hududlarda na’munaviy tarzda yoshlar bilan ishlash, ularning qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘z mehnati, irodasi bilan katta yutuqlarga erishgan tadbirkorlar hamda hunarmandlar bilan uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan edi.
Mazkur uchrashuvda tajribali tadbirkor va hunarmandlar tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, ularni tadbirkorlik va hunarmandchilikka faol jalb qilish, munosib ish topishiga ko‘maklashish borasida ishtirokchi yoshlar uchun master klasslar o‘tab berildi.
Yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularning “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” loyihasi doirasida yoshlar va xotin-qizlarga kuchli motivatsiya berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Uchrashuvda yoshlarning tadbirkorlikka oid savollariga atroflicha javob berildi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA