Tadbirkorlar muammosi samarali hal etilmoqda
Muloqotda Toshkent viloyati, xususan Boʻstonliq tumanida turizm, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar muhokama qilindi.
Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, bu borada tadbirkorlik subyektlari oldida paydo boʻlayotgan muammolarni samarali hal etish maqsadida viloyat tadbirkorlari bilan muloqot qildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishicha, qabul davomida tadbirkorlar oʻzlarini qiynayotgan muammolar, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasidagi masalalar yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qilishdi.
Muloqotda Toshkent viloyati, xususan Boʻstonliq tumanida turizm, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar muhokama qilindi.
Masalan, tadbirkor Bahodir Mirabdullayevning Piskom hududida gulmohi (farel) baligʻini zamonaviy texnologiya asosida yetishtirish boʻyicha loyihasi, aniq hamkorlari, shartnomalari bor.
Biroq, loyihaga zarur miqdorda yer ajratilmagani oqibatida tadbirkor bugungi kunda sarson boʻlyapti. Loyihada koʻzda tutilgan yer boʻyicha tegishli idoralardan ijobiy xulosalar mavjud.
Rustam Xolmatovning topshirigʻiga muvofiq, ushbu murojaat shu joyning oʻzida tadbirkor foydasiga ijobiy hal etildi. Bu borada tadbirkorga yer ajratish boʻyicha tuman hokimining qarori chiqadigan boʻldi. Tadbirkor tomonidan ajratilishi rejalashtirilgan yerda 80 ta mini basseyn quriladi.
Viloyat hokimining tadbirkorlar bilan muloqoti chogʻida ana shunday koʻplab istiqbolli loyihalar muhokama qilinib, mavjud muammolarni yechish hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ana shunday salbiy holatlarning oldini olish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga tegishli vazifalar berildi.