Tadbirkorlar faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi
Adliya vazirligi 2026-yil 29-iyunda yana bir nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Bu “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomdir.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xavf darajasini baholash ichki nazorat faoliyatini tashkil etish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish hamda terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’ektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralari qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA