Tadbirkorga yengillik beradi, nazoratchining esa mas’uliyat ortadi
Yangi tartib tashqi savdoda ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Bugun tadbirkorlikni rivojlantirish faqat moliyaviy imkoniyatlar yaratish yoki imtiyozlar berish bilan cheklanmaydi. Ba’zan biznes taraqqiyotiga eng katta to‘siq — ortiqcha hujjatbozlik, takroriy talablar va ko‘p vaqt talab qiladigan ma’muriy tartib-taomillardir. Shu bois mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkor bilan davlat o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirish, ortiqcha talablarni qisqartirish va ishbilarmonlik muhitini yanada qulaylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarida aynan amaliyotda uchrayotgan muammolarni eshitish, ularga yechim topish va biznes vakillariga kengroq imkoniyat yaratish masalasiga katta urg‘u berilmoqda. 2026-yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot davomida bildirilgan taklif va tashabbuslarning huquqiy yechimi sifatida qabul qilingan yangi hujjatlar ham ana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xususan, 2026-yil 27-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashqi savdo jarayonlarida tadbirkorlar uchun bir qator ortiqcha talablar bekor qilindi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab tashqi savdo faoliyatida tadbirkorlar uchun muhim yengilliklar joriy etildi. Jumladan, invoys asosida importda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish bo‘yicha cheklov, invoys asosida eksportda 50 foiz oldindan tushum talabi, shuningdek, tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lov yoki akkreditiv, bank kafolati, sug‘urta polisi kabi kafolat shakllarini talab qilish tartibi bekor qilindi. Bu, avvalo, tashqi bozorlarga chiqish istagida bo‘lgan tadbirkor uchun moliyaviy va tashkiliy jarayonlarni yengillashtirishi, vaqtni tejashi hamda eksport-import operatsiyalarini tezroq amalga oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatli. Biroq e’tiborli jihati shundaki, yengillik nazoratning butunlay yo‘qolishini anglatmaydi. Aksincha, nazoratning shakli o‘zgarib, u yanada aniq va maqsadli mexanizmlarga yo‘naltirilmoqda.
Yangi tartibdagi muhim o‘zgarishlardan biri oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq. Avval mahsulot namunasi sinov uchun yetarli bo‘lmagan holatda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish masalasi tadbirkor uchun qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin edi. Endi esa bunday holatda mahsulot miqdori sinov uchun yetarli emasligi to‘g‘risida xat taqdim etilgan holda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish imkoniyati yaratilmoqda. Chunki oziq-ovqat xavfsizligi — nihoyatda mas’uliyatli soha. Bu yerda tadbirkorga qulaylik yaratish bilan bir qatorda iste’molchi salomatligini himoya qilish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi fitosanitariya nazorati davlat inspektori Zafar Sharipovning ta’kidlashicha, yangi tartib tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulaylik bilan bir qatorda mas’uliyatning yangi bosqichini ham anglatadi.
— Tadbirkorga yaratilayotgan har qanday yengillik, avvalo, ish jarayonini tezlashtirish, ortiqcha vaqt va xarajatlarni kamaytirishga xizmat qilishi kerak. Biroq mahsulot xavfsizligi, karantin va fitosanitariya talablari bundan mustasno emas. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq jarayonlarda hujjatlarni soddalashtirish nazoratning mazmuni yo‘qolishini anglatmaydi. Aksincha, nazorat zamonaviy, aniq va xavfga asoslangan yondashuvlar asosida olib borilishi muhim, — deydi Sharipov Zafar.
Darhaqiqat, bugungi islohotlarning mazmun-mohiyati ham shunda: tadbirkorga to‘siq emas — ko‘mak; ortiqcha talab emas — aniq qoida; samarasiz byurokratiya emas — zamonaviy nazorat.
Farmon bilan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida ayrim mahsulotlarni olib kirishda ilgari talab etilgan ruxsatnoma va guvohnomalarni taqdim etish tartibi ham qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, biologik aktiv va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari hamda tibbiy jihozlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida taqdim etish talabi bekor qilindi. Bunda tegishli ruxsatnoma va guvohnomalarning mavjudligi majburiy muvofiqlikni baholash hamda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish jarayonida nazorat qilinadi. Ya’ni hujjat yo‘qolib ketmayapti — nazoratning qayerda va qachon amalga oshirilishi o‘zgarmoqda. Bu esa davlat xizmatlarini tashkil etishda zamonaviy yondashuvning muhim ko‘rinishidir.
Tadbirkor uchun bir kunning o‘zi ham katta ahamiyatga ega. Mahsulotning chegarada turib qolishi, ortiqcha hujjat yig‘ish, bir idoradan ikkinchisiga murojaat qilish nafaqat vaqtni, balki mablag‘ni ham talab etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan masalalarning bevosita amaliy qarorlarga aylantirilayotgani alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonning eng katta natijasi esa faqat hujjatlar sonining kamayishida emas. Muhimi — tadbirkorning davlat idoralariga sarflaydigan vaqti qisqaradi, tashqi savdo jarayonlari tezlashadi, biznes yuritish uchun yanada qulay muhit shakllanadi.
Bugun mamlakatimizda tadbirkorlikka bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib bormoqda. Davlat rahbarining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar oddiy uchrashuv emas, balki real muammolarni aniqlash va ularning huquqiy yechimini topishning muhim mexanizmiga aylanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri