Tadbirkorga 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib beriladigan bo‘ldi
Biznes ombudsman tadbirkorlar faoliyatidagi noqonuniy tekshiruvlar, asossiz aralashuvlarning oldini olish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Shunga ko‘ra, mazkur tashkilotga murojaat qiluvchi tadbirkorlar soni ortib bormoqda.
Xususan, Biznes-ombudsmanga Toshkent viloyatida joylashgan “Mardonavor” (nomi o‘zgartirilgan) korxonasi rahbari qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Toshkent viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan 2022 yildan buyon tuzilgan shartnoma bo‘yicha bajarilgan ish va xizmatlar uchun 2,9 mlrd. so‘m mablag‘ to‘lab berilmagan.
Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan holat bo‘yicha hujjatlar o‘rganib chiqilib, Toshkent viloyati tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.
Sud kiritilgan da’vo arizasini ko‘rib chiqib va taraflarning fikr, e’tirozlarini o‘rganib, buyurtmachi Toshkent viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUKdan korxona foydasiga qarzdorlik summasini to‘liq undirib berish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra tadbirkorga 2,9 milliard so‘m undirib beriladigan bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA