Tadbirkor va hunarmandlar endi bir markazda birlashdi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani markazida tadbirkorlar va hunarmandlarni birlashtirgan yangi kovorking markazi foydalanishga topshirildi.
Unda tadbirkorlar va hunarmandlar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan bo‘lib, uchrashuv, konferensiyalar va muzokaralar, ko‘rgazmalar zallari mavjud. Bu yerda 18 nafar mas’uldan iborat “Loyiha guruhi”, 25 nafar yirik va ilg‘or tadbirkordan iborat “Tadbirkorlar kengashi” faoliyat yuritadi.

Markaz ochilishida “Loyiha guruhi” tomonidan umumiy qiymati 870,1 milliard co‘mlik 23 ta istiqbolli loyiha takliflari ishlab chiqilgani, “To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish jamg‘armasi” va tuman o‘rtasida qiymati 10 million AQSH dollari miqdoridagi memorandum imzolanib, zamonaviy “Biznes markazi” hamda “Sanoat va savdo zonasi” tashkil etish yuzasidan ishlar boshlangani ta’kidlandi.
Markazda biznesga o‘qitish kurslari ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.


A.Bo‘riyev, O‘zA