Tadbirkor tajribasi bilan o‘rtoqlashdi
Guliston shahridagi “Agro youth” ishlab chiqarish kooperativi direktori Barchinoy Usmonova o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlardan. Uning mehnatlari hukumatimiz tomonidan yuqori baholanib, yaqinda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Barchinoy Usmonova tadbirkorlik faoliyatiga qiziquvchi aholi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda tadbirkor o‘z faoliyati haqida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berdi.

– Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlik sohasiga e’tibor, taqdim etilgan imtiyozlar barchamiz uchun kutilganidan ham ko‘p va keng qamrovli bo‘lganini ta’kidlash joiz. Bugungi imkoniyatlar ortidan halol rizq izlagan, mehnat qilgan tadbirkorlar, hunarmandlar, ishbilarmonlar qadri yurtimizda yanada yuksalib bormoqda, – dedi Barchinoy Usmonova. – Bunday imkoniyatlarning yaratilishi tadbirkor yurtdoshlarimizga yanada ulkan maqsadlar sari qadam tashlashlariga qanot bag‘ishlamoqda.

Barchinoy Usmonova viloyatda birinchilardan bo‘lib qo‘lda gilam va adras to‘qish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. O‘tgan yili 1 ming 100 metr adras ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, ustoz-shogird an’anasi asosida tashkil etilgan o‘quv kurslarida yoshlarga hunarmandchilikning 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha saboq berib kelmoqda. Ayni vaqtda 60 nafar yoshlarning bandligini ta’minlandi. Tadbirkorlar, biznes ekspertlar, yirik korxona vakillari ishtirokidagi bu kabi uchrashuvlar viloyatning barcha hududi, olis qishloqlar va shaharlarda muntazam tashkil qilinmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA