Tadbirkor manfaati va sug‘urta himoyasi
Sug‘urta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoyalashda eng maqbul usullardan hisoblanadi.
Sug‘urta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini himoyalashda eng maqbul usullardan hisoblanadi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, sug‘urta xizmatlarini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda sug‘urta faoliyatining o‘rni haqida so‘z bordi.
Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoyalash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarda sug‘urtaviy himoya imkoniyatlari tobora oshib borayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tadbirkorlarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kompleks sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Qurilish tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish, tadbirkorlar mol-mulkini, garovga qo‘yilayotgan yoki lizingga olinayotgan mulkni, transport vositalari, eksport shartnomalarini sug‘urtalash singari xizmatlar tadbirkorlik subyektlarini kutilmagan hodisalar, moliyaviy yo‘qotishlardan himoyalashda muhim omil bo‘layotir. “Kafolat sug‘urta kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan yangi «Tadbirkor sug‘urtasi» sug‘urta xizmati yakka tartibdagi tadbirkorlarni baxtsiz hodisalardan himoyalashni yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
2015-yilning birinchi yarmida kompaniya tomonidan aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlariga ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlaridan 27,5 milliard so‘mlik sug‘urta mukofoti to‘plandi. O‘sish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 137,2 foizni tashkil qildi.
Mijozlar murojaatlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasida 5,5 milliard so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari to‘landi.
Kompaniya to‘lov qobiliyati tobora yaxshilanmoqda. Joriy yilning olti oyida investitsiya qo‘yilmalarning hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 126,1 foizga ortib, 35,5 milliard so‘mni tashkil etdi. Balans aktivida ham o‘sish qayd etilib, umumiy summa 72,2 milliardga yetdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini sug‘urtalash bo‘yicha 27,2 ming dona sug‘urta shartnomalari imzolandi. Bunda sug‘urta mukofotlari hajmi 3,4 milliard so‘mdan ortdi.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.