Tadbirkor javobgarlikka tortildi
Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi Buxoro shahridagi nodavlat tibbiyot muassasasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan 17 million so‘m jarimani undiruv yuzasidan qaror chiqardi.
Mazkur tadbirkorlik sub’ekti viloyat hokimligi hamda raqobat boshqarmasining bir necha bor ogohlantiruviga qaramay tashqi reklama vositalarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi hamda “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlarni qo‘pol tarzda buzib kelgan.
– Natijada O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 24, 25 hamda 26-moddalari talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq ish qo‘zg‘atildi, – deydi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akbar Rustamov. – Qonun bilan belgilab qo‘yilgan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirkorlik sub’ekti tomonidan ko‘rsatma talablari bajarilmaganligi sababli Raqobat boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda sudga berilib sudning tegishli qaroriga asosan jarima undirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri