Tadbirkor ish o‘rnini kengaytirish niyatida
Buxoro viloyati Olot tumanning “Chovdur” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Erkinjon Sanoqulov tadbirkorlik tashabbusi tufayli o‘z uyida shlakoblok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Natijada 4 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor va rag‘batdan unumli foydalangan Erkinjon ham mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyanomasiga muvofiq 33 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘ini rasmiylashtirib, o‘zi ko‘pdan o‘ylab yurgan biznes rejasini amalga oshirdi.
– Ish boshlashda sarmoyani maqsadli sarflash taqozo qilinadi, – deydi Erkinjon Sanoqulov. – Men ham kredit mablag‘ini shlakoblok ishlab chiqaruvchi Xitoy dastgohini sotib olishga sarflagan bo‘lsam, mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida yana imtiyozli 33 million so‘m kredit mablag‘ini olib, alohida joyni hozirlash va uch g‘ildirakli mototsikl olishga xarj qildim. Bugunga kelib ishlab chiqarish hajmini oshirishga erishmoqdaman. Mahsulotga talab ortishi bilan ishchi kuchiga ehtiyoj ham kuchaymoqda. Ayni paytda sexda to‘rt kishi ish bilan band bo‘lib, ularga oylik maosh o‘z vaqtida berilmoqda.



Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.