Tadbirkor har bir ishda ibrat bo‘lishi lozim
Bugungi kunda Jizzax viloyatining barcha shaharu tumanlarida tozalikka alohida e’tibor qaratilib, keng miqyosdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mahallalar fuqarolari, korxona, tashkilot, muassasalar xodimlari, yoshlar ixtiyoriy ravishda hasharlar uyushtirib, qishlog‘u mahallalar, ko‘chayu maydonlar, ziyoratgohu qabristonlarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda.
Ammo ayrim tadbirkorlar borki, ana shunday obodonlashtirish ishlariga qo‘shilish o‘rniga o‘z manfaatini ustun qo‘yib, jamoatchilik mehnatini mensimay, shahar va mahallalari, o‘zi faoliyat yuritayotgan ish hududining tozaligini ta’minlashga mas’uliyatsizlik bilan yondashayotganligi holatlari ham uchrab turibdi.
Jizzax shahrining ikki markaziy ko‘chasidan biri bo‘lgan Islom Karimov nomli shoh ko‘chada joylashgan ayrim do‘kondorlar chiqindilarni belgilangan joyga olib borib to‘kish o‘rniga, yo‘l yoqasiga, lotogu ariqlarga tashlab ketishmoqda. Bu shahar ekologiyasiga zarar yetkazishi barobarida atrof-muhit tozaligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday tadbirkorlar ko‘pning mehnatiga bepisand, mensimaslik, tozalik madaniyatiga rioya qilmasdan qarayotganini qanday izohlash mumkin? Davlatimiz rahbari 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilgani bejizga emasku, axir?
Jizzax shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bunday huquqbuzarliklarga nisbatan zarur choralarni ko‘rmoqda, albatta. Xususan, “M.Stylye-bontique” nomi ostidagi savdo do‘koni xodimlari chiqindi tashlash qoidalarini buzganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida jarimaga tortildi.
[gallery-21779]
Bu ham qilingan noto‘g‘ri ish uchun ko‘rilgan bir chora, lekin kattagina daromad qilayotgan tadbirkorga bu chora filni chivin chaqqanchalik ta’sir qilarmikan?
Tozalik, ozodalik, poklik bu – madaniyat. Har xil chiqindilarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketaverish esa madaniyatsizlikdir. Qolaversa, “Obodonlashtirish”, “Toza hudud”, “Ekosfera”, “Ekohaus” kabi korxonalar ishchi-xodimlarining mehnatiga nisbatan hurmatsizlik emasmi bu?
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BlSyTC3ll_A" title="Tozalik 1 navbatda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbirkor, avvalo, yuksak ma’naviyat, ma’rifat va madaniyat sohibi, u faqat boylik ortirishni o‘ylaymay, jamiyat taraqqiyoti, o‘z hududining tozaligi, obodligiga hissasini qo‘shishi lozim bo‘lgan inson bo‘lmog‘i shart.
Agar bunday holatlarni bir-ikki bor uchratsak, tanqid qilish shart ham emasdi. Afsuski, bunday kimsalarni viloyatning xohlagan hududidan istagancha topish mumkin.
A.Qayumov (surat, video), O‘zA muxbirlari