Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish ekologik barqarorlikda muhim omil
Turli ko‘rinishdagi tabiiy ofatlar aholi xavfsizligi va salomatligiga, shu bilan birga, tabiat, o‘simlik va hayvonot olami xavfsizligiga katta tahdid hisoblanadi. Bunday vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish, xavflarni oldindan his qilish, aniqlash va oldini olish katta ko‘lamli zararlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni munosabati bilan «Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish: ekologik barqarorlik va aholi xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari» mavzusida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisining yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Matkarimova "Ekologik barqarorlik — tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishning muhim sharti" mavzusida ma’ruza qilib, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi xavfsizligini ta’minlash masalalari haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassisi Samandar Hikmatullayev "Tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish: aholi xavfsizligini ta’minlashning samarali mexanizmlari" mavzusida ma’ruza qildi.
Seminar davomida ishtirokchilar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda hayot faoliyati xavfsizligi tamoyillari va aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligi xususida fikr-mulohazalar bildirildi, bir qator takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va o‘rmonlarni asrash, suv resurslarini tejash, ekotizimlarni muhofaza qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish hamda yoshlar va xotin-qizlarni ekologik tashabbuslarga keng jalb etishning ahamiyati haqida ham so‘z bordi. Ushbu omillar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA